Ormuz bo‘g‘ozidagi kema qatnovi, Fors ko‘rfazidan neft yetkazib berish uchun eng muhim ahamiyatga ega bo‘lib, JPMorgan fikricha, u iyun oyidayoq qayta tiklanishi mumkin. Chunki neft zaxiralari tugab borish xavfi AQSh rahbariyatiga bosimni kuchaytiradi. Fitch esa biroz uzoqroq istiqbolni bashorat qildi — biroq u ham bo‘g‘ozning yozga kelib ochilishini kutmoqda. Moody’s esa AQSh prezidenti Donald Trampda “haqiqiy muammolar” boshlanishidan oldin yana bir hafta borligini ogohlantirgan.
Tafsilotlar
«Ushbu prognozning asosidagi asosiy taxmin shuki, neft zaxiralarining tobora tezroq sarflanishi oxir-oqibat Hormuz bo‘g‘ozining u yoki bu tarzda ochilishiga olib keladi va jamoamiz bu iyun oyida yuz berishini taxmin qilmoqda», — deb yozdi JPMorgan tahlilchilari 3-iyun kuni CNBC iqtibos keltirgan eslatmada.
AQSh va Eron urushidan oldin dunyo neft eksportining qariyb 20 foizi o‘tgan Hormuz bo‘g‘ozi qariyb to‘rt oydan beri qisman to‘sib qo‘yilgan. Mojaro davom etar ekan, Tehron ushbu muhim yo‘l ustidan nazoratni kuchaytirdi, jumladan, dengiz minalarini joylashtirdi. AQSh Davlat kotibi Marko Rubio 2-iyun kuni Eron Hormuz bo‘g‘ozining «katta qismlarini» minalaganini aytdi. Bu kemalar qatnoviga avval taxmin qilinganidan ham kengroq cheklovlar qo‘yilganidan dalolat beradi.
Financial Times hukumat ma’lumotlariga tayanib yozishicha, AQShdagi neft zaxiralari so‘nggi yigirma yildagi eng past darajaga tushdi: o‘tgan hafta zaxiralar 10,6 mln barrelga kamayib, 1,57 mlrd barrelni tashkil etdi. Gazetaning ta’kidlashicha, zaxiralar 2004-yildan beri bunchalik past bo‘lmagan.
Fitch nima deb o‘ylaydi
Fitch Ratings’ning Yaqin Sharqdagi tabiiy resurslar bo‘yicha tadqiqotlar bo‘limi rahbari Anjelina Valavina Bloomberg’ga bergan intervyusida, mojaro ishtirokchilariga iqtisodiy bosim kuchayib borishi sababli, Hormuz bo‘g‘ozining iyulgacha ochilishi eng ehtimolli ssenariy bo‘lib qolayotganini aytdi. Uning fikricha, vaziyatga bir nechta muhim omil ta’sir qiladi.
Birinchisi — AQShda avtomobilda sayohat qilish mavsumining boshlanishi. Bu davrda yoqilg‘i iste’moli bilan birga benzinga talab ham odatda oshadi. Ikkinchisi — 2026-yilning ikkinchi choragi uchun inflyatsiya va YaIM ma’lumotlarining e’lon qilinishi. Ular iyul–avgust oylarida chop etiladi va neft bozoridagi uzilishlar oqibatlarini aks ettirishi mumkin. Bundan tashqari, Valavina AQShdagi oraliq saylovlar hamda Xitoyni tilga oldi. Tahlilchining baholashicha, Pekin qariyb 1,2 mlrd barrel hajmida strategik neft zaxiralariga ega va bu mamlakatga taxminan oktabrgacha yetadi.
Valavinaning fikricha, ushbu omillarning birgalikdagi ta’siri mojaroning asosiy tomonlari va neftning eng yirik iste’molchilariga iqtisodiy bosimni kuchaytiradi. Shu bois iyulgacha Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovining tiklanishi eng ehtimolli ssenariy hisoblanadi.
Kontekst
Moody’s bosh iqtisodchisi Mark Zandi 1-iyun kuni AQSh iqtisodiyot uchun yanada jiddiy oqibatlarning oldini olish maqsadida Eron bilan bir hafta ichida kelishuvga erishishi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, neft narxining yanada ko‘tarilishi benzin narxini bir gallon uchun 5 dollardan oshirishi va retsessiya xavfini kuchaytirishi mumkin.
3-iyun kuni savdolarda Brent nefti 2 foizga qimmatlashdi: narx bir barrel uchun 98 dollardan oshdi. Amerika nefti WTI esa 2,7 foizga, taxminan bir barrel uchun 96,3 dollargacha ko‘tarildi.ㅤ