Nemis mudofaa kontserni Rheinmetall Ruminiya rasmiylari bilan 5,7 milliard yevrolik kelishuv tuzdi. Mamlakatga 298 ta Lynx jangovar mashinasi, Skyranger havo hujumidan mudofaa tizimlari, ko‘plab o‘q-dorilar va to‘rtta harbiy kater yetkazib beriladi. Bu haqda seshanba, 2 iyun kuni Rheinmetall’ning press-relizida ma’lum qilindi.

Mudofaa kontserni kelishuvni "tarixiy" va "kompaniyaning eng yangi tarixidagi eng yirik xalqaro buyurtma" deb atadi. Rheinmetall ma’lumotlariga ko‘ra, shartnoma bo‘yicha ilk yetkazib berishlar 2028 yilda boshlanishi va 2030 yilga kelib yakunlanishi kerak. Buning uchun kompaniya Ruminiyada o‘z ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yishni va mamlakatning mudofaa sanoatiga bir necha yuz million yevro sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.

“Rheinmetall” kompaniyasi bosh direktori Armin Pappperger (Armin Papperger) 2026-yil mart oyidayoq Ruminiya bilan kutilayotgan kelishuv haqida ishora qilgan. Nemisning Frankfurter Allgemeine Zeitung gazetasining yozishicha, buyurtmalar portfeli prognoziga bag‘ishlangan investorlar taqdimotida Ukraina va Italiya bilan bir qatorda buyurtmachi mamlakatlar orasida Ruminiya ham tilga olingan. Rheinmetall ularning yaqin orada umumiy qiymati qariyb 16 mlrd yevroga teng buyurtmalar berishini kutmoqda.

Ruminiya bilan tuzilgan bitimni Yevropa Ittifoqining mudofaa jamg‘armasi moliyalashtiradi

Ruminiya bitimni Yevropa Ittifoqining Security Action for Europe (SAFE) dasturi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirmoqchi. Dastur YEI mamlakatlarining mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, qurol xarid qilish va mudofaa sanoatini rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu maqsadlar uchun dasturda ishtirok etuvchi davlatlarga imtiyozli kreditlar ko‘rinishida jami 150 mlrd yevro ajratiladi.

SAFE jamg‘armasi Yevropaning mudofaasini Rossiyadan kelayotgan tahdid kuchayib borayotgan sharoitda mustahkamlash uchun 2025-yil may oyida tashkil etilgan. SAFE maqsadlari qatorida Yevropaning mudofaa sohasida AQShga qaramligini kamaytirish hamda Ukrainaga yordam berish ham bor.


#ArmsTechnologyMarket , #WorldNews2026