Airdrop'lar — foydalanuvchilarga tokenlarni tarqatish usuli. Ular yordamida loyiha atrofida shov-shuv ko‘tarish, foydalanuvchilarni mukofotlash yoki yangi hamjamiyat yaratish mumkin.
Loyihaning qancha vaqt faol bo‘lishi foydalanuvchilarni jalb qila olishiga bog‘liq. Kripto loyihalari ham bundan mustasno emas, biroq bu sohadagi loyihalarning o‘ziga xos ustunligi bor. Blokcheyn loyihalari o‘z tokenlarini yaratishi mumkin va foydalanuvchilar keyinchalik bu tokenlar yordamida ularning mahsulotlaridan foydalanadi. Tokenlarni tarqatishning eng muhim usullaridan biri Airdrop deb ataladi.
Airdrop nima?
Airdrop atamasi havodan ta’minlash tushunchasidan kelib chiqqan. Oddiy tilda bu qo‘shinlar, uskunalar yoki zaxiralarni samolyotda muayyan hududlarga yetkazib, u yerga parashyut bilan tashlashni anglatadi.
Kripto olamida ham shunga o‘xshash jarayon yuz beradi, faqat bu yerda hammasi onlayn amalga oshadi va foydalanuvchilarga tokenlar yuboriladi. Airdroplardan ko‘p maqsadlarda foydalanish mumkin.
Sodiq mijozlarni taqdirlash mumkin
Loyiha atrofida shov-shuv ko‘tarilishi mumkin
Yangi mahsulot yoki xizmatlarga qiziqadigan potensial mijozlarni aniqlash mumkin
Loyiha kuzatuvchilarini uning rivojlanishiga yordam beradigan muayyan vazifalarni bajarishga undash mumkin. Masalan, ijtimoiy tarmoqlardagi postlarni ulashish yoki platformada hisob yaratish.
Ular qanday ishlaydi?
Umuman olganda, ularni ikki guruhga ajratamiz: oldindan e’lon qilinadigan va e’lon qilinmaydigan airdroplar.
E’lon qilingan airdroplar odatda oldindan belgilangan vaqtda o‘tkaziladi va shov-shuv yaratish uchun xizmat qiladi. Bunday hollarda foydalanuvchilarga ko‘pincha biror vazifa beriladi va uni bajarganliklari uchun mukofot olishadi.
Oldindan e’lon qilinmaydigan airdroplarda oluvchilar tasodifiy tanlanadi. Bu odatda foydalanuvchilarni xursand qilish va hayratda qoldirish uchun qo‘llanadi.
Ular haqida qanday bilib olish mumkin?
Odamlarga airdroplarda qanday qatnashishni tushunishga yordam berish uchun forumlarning butun boshli tarmog‘i paydo bo‘lgan. Biroq kompaniyalar ham foydalanuvchilarni bo‘lajak airdroplar haqida xabardor qilish uchun Telegram yoki Medium kabi o‘z tarqatish kanallaridan foydalanadi.
Kimlar foydalanadi?
Airdroplar yirik va kichik loyihalar orasida ham mashhur. Masalan, Binance 2017-yilda e’tiborni jalb qilish uchun bu usuldan foydalangan. Dfinity’ning smart-kontrakt blokcheyn loyihasi esa airdrop orqali 35 million dollarlik token tarqatgan.
2020-yilda markazlashmagan Uniswap birjasi xizmatdan foydalangan barcha kishilarga UNI tokenlarini yaratib tarqatdi. O‘sha paytdagi maqsad DEX protokolini markazlashmagan holga keltirish edi. Endilikda UNI egalari hamyonlaridagi tokenlar bilan nima qilish yoki protokolga qanday o‘zgartirishlar kiritish haqida ovoz berishlari mumkin.
2021-yilda Ethereum Name Service’ning veb-manziliga ega bo‘lganlar ham shunday imkoniyatga ega bo‘lishdi, chunki bu protokol ham markazlashmagan tizimga o‘tishni boshladi.
Ularning cheklovlari qanday?
Airdroplar ommalashgani sari, ularning hamjamiyat yaratish vositasi sifatidagi samaradorligiga doir xavotirlar ham kuchaydi. Ayrim tanqidchilarning ta’kidlashicha, tokenlarni tanlab o‘tirmay tarqatish faol hamjamiyatni shakllantirishga uncha yordam bermaydi.
Ko‘plab airdrop oluvchilari tokenlarni saqlab qoladi-yu, shov-shuv bosilgach, tarmoqni qo‘llab-quvvatlash va kengaytirish uchun deyarli hech narsa qilmaydi. AQShda bunday amaliyot soliq majburiyatlari va bu daromadmi yoki kapital o‘sishidan olingan foydami, degan savollarni keltirib chiqardi.
Web3 doirasida ayrimlar loyihalar odamlarga qiziq emas, ular shunchaki keyinchalik pulga almashtirish mumkin bo‘lgan vositalarni xohlashadi, deb hisoblaydi.
Kelajakda nimalar kutmoqda?
Airdroplar blokcheyn loyihalarini targ‘ib qilishning tobora ommalashib borayotgan usuliga aylanmoqda. Biroq AQSh qoidalari Amerika loyihalari uchun airdrop taklif qilishni qiyinlashtirishi mumkin.
Ammo hozir soha tokenlarni yanada puxta o‘ylangan tarzda tarqatish tomon ketayotganga o‘xshaydi. Bu orada airdroplarning ommabopligi oshishda davom etadi.
Ko‘proq kontent uchun bizni Twitter’da kuzatib boring yoki blogimizga tashrif buyuring.