• Chainlink Chainlink Functions dasturchilarga qanday yordam berishi mumkinligi haqida batafsil ma’lumot berdi.

  • Foydalanuvchilar Chainlink Functions yordamida Meta, Amazon Web Services (AWS) va boshqa platformalarga ulanishlari mumkin.

Chainlink dasturchilar yangi ishga tushirilgan platformadan foydalanishga tayyorlanar ekan, Chainlink Functions bilan bog‘liq turli xil foydalanish holatlarini e’lon qildi.

Yaqinda Chainlink “Chainlink Functions” deb nomlangan, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish imkonini beruvchi serversiz platformani ishga tushirdi. Ushbu platforma yordamida dasturchilar o‘zlarining markazlashmagan ilovalari (dApps) yoki aqlli shartnomalarini istalgan Web 2.0 API’ga ulashlari mumkin.

Chainlink yaqinda e’lon qilingan blog postida platformaning vazifalarini batafsil bayon qildi. Dasturchilar Chainlink Functions’dan markazlashmagan ilovalarida foydalanishning beshta usuli mavjud. Ular Twilio, Meta, Amazon Web Services (AWS), Google va markazlashmagan sug‘urta xizmatlariga ulanishni o‘z ichiga oladi.

https://twitter.com/chainlink/status/1631293449193287681?s=46&t=Qh-YV4_3i72FNQGNf60cvA

Chainlink Functions’dan foydalanib, biznes egalari Web3’ni ijtimoiy tarmoqlarga integratsiya qilish orqali ijtimoiy tarmoq kampaniyalarini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yishlari mumkin. Reklama berishni istagan kompaniyalar mijozlariga NFT ko‘rinishidagi cheklangan miqdordagi noyob raqamli kolleksiyalarni taklif qilishlari mumkin.

Shundan so‘ng foydalanuvchilar reklama uchun maxsus xeshteg bilan birga o‘z kriptohamyon manzillarini yuborishadi. Keyin kompaniyalar NFT’larni zarb qilish jarayonini boshqarish uchun smart-kontrakt bilan o‘zaro aloqada bo‘lishadi.

Mijozlarning talabga javob beradigan kriptohamyon manzillari ro‘yxatini Chainlink Functions va smart-kontraktlar yordamida aniqlash mumkin. Smart-kontrakt Chainlink Functions’dan natijani oladi, har bir manzil uchun NFT zarb qiladi va g‘oliblar bilan bog‘lanadi. G‘oliblar yangi zarb qilingan raqamli kolleksiyalarini Instagram Digital Collectibles galereyasida yoki OpenSea’dagi akkauntida ko‘rishlari mumkin.

Ikkinchi foydalanish holati musiqachilar va ovoz yozish kompaniyalari o‘rtasida strimingdan tushadigan daromad bo‘yicha raqamli kelishuvlarni osonlashtirishga qaratilgan. Bunda Twilio bulutli aloqa platformasidan foydalaniladi. Smart-kontrakt yordamida musiqachi va ovoz yozish kompaniyasi shartnoma tuzishi mumkin. Unga ko‘ra, musiqachi o‘z musiqasining strimingdagi tinglanishlari soniga qarab ma’lum miqdorda AQSH dollari oladi, deb qayd etdi Chainlink.

Smart-kontraktning musiqachining Spotify’dagi tinglanishlari sonini aniqlashi va unga elektron pochta orqali bildirishnoma yuborishi smart-kontraktlarning o‘z kuchi bilan bajara oladigan ishi emas. Bu misolda smart-kontrakt Chainlink Functions’dan foydalanib musiqa ma’lumotlari API’siga ulanadi va musiqachining Spotify’dagi tinglanishlari soni bo‘yicha kelishilgan natijaga erishadi.

Keyingi foydalanish holatida dasturchilar universal ulanish vositasi bo‘lgan Chainlink Function’ni qanday yaratishlari ko‘rsatiladi. Undan istalgan AWS Data Exchange’ga ulanish uchun foydalanish mumkin. Bu dasturchilarga AWS’dagi uchinchi tomon ma’lumotlarini smart-kontraktlarga uzluksiz integratsiya qilish imkonini beradi, deyiladi blog postida.

Universal ulanish vositasi Chainlink Functions markazlashmagan orakl tarmog‘idagi (DON) barcha tugunlar API chaqiruvining natijasi bo‘yicha kelishuvga erishishidan oldin bajarishi uchun JavaScript funksiyasi sifatida yaratilgan.

So‘nggi ikki foydalanish holatida Google Analytics to‘plagan veb-sayt ma’lumotlari yordamida zanjirdagi smart-kontrakt mantiqini qanday boshqarish va unga ta’sir ko‘rsatish, shuningdek, bir nechta ma’lumot manbasidan foydalanib parametrik sug‘urtani qanday yaratish mumkinligi batafsil bayon qilinadi.