• Polygon va Mercy Corps yetarlicha xizmat ko‘rsatilmayotgan hamjamiyatlarda blokcheyn yechimlarining afzalliklarini targ‘ib qilish uchun hamkorlik qiladi.

  • Ikki tashkilot blokcheyn loyihalarini moliyalashtirish, bir qator xakatonlar o‘tkazish va xabardorlikni oshirish uchun blokcheyn bo‘yicha o‘quv dasturini turli hududlarda tashkil etishni rejalashtirmoqda.

2-mart, payshanba kuni Polygon blokcheynining bosh kompaniyasi Polygon Labs kam daromadli aholi, yetarlicha xizmat ko‘rsatilmayotgan qatlamlar va rivojlanayotgan bozorlardagi hamjamiyatlar uchun blokcheynga asoslangan yechimlardan foydalanishni jadallashtirishga qaratilgan yangi tashabbusni boshladi.

Ushbu missiyani amalga oshirish uchun Polygon Labs global rivojlanish tashkiloti Mercy Corps’ning ijtimoiy ta’sirga yo‘naltirilgan investitsiyalar bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi Mercy Corps Ventures (MCV) bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. So‘nggi sakkiz yil davomida Mercy Corps Ventures xizmatlardan yetarlicha foydalana olmaydigan guruhlarning rasmiy global iqtisodiyotga qo‘shilishiga yordam beradigan yechimlarga sarmoya kiritib kelmoqda. Hozirgacha ular boshlang‘ich bosqichdagi 41 dan ortiq loyihaning kengayishi va keyingi bosqichlarda 335 million dollardan ortiq kapital jalb qilishini qo‘llab-quvvatlagan.

Blokcheyn va Web3 yechimlarining afzalliklari haqida ko‘p gapirilgan bo‘lsa-da, ular rivojlanayotgan bozorlardagi bank xizmatlaridan yetarlicha foydalana olmaydigan aholi uchun hali samarali natija bermadi. Bundan tashqari, amalda mavjud yechimlarning natijalari yetarlicha o‘lchanmaydi, shu bois ularning biznes uchun asosini yaratish qiyin.

Polygon Labs xizmatlardan yetarlicha foydalana olmaydigan jamoalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, rivojlanayotgan bozorlarga #Web3 vositalari, resurslari va yechimlarini taqdim etib, real dunyodagi foydalanish holatlarini sinovdan o‘tkazish uchun @mercycorps tashkilotining ijtimoiy ta’sirga yo‘naltirilgan investitsiyalar bo‘limi @MCSocialVenture bilan hamkorlik qilayotganidan faxrlanadi.

🌐Batafsil: https://t.co/4eNV6OeTm7

— Polygon (@0xPolygon) 2023-yil 3-mart

Kripto olamidagi eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lish uchun bizni kuzatib boring!

Mercy Corps Ventures istiqbolli, ilg‘or innovatsiyalarni mas’uliyat bilan sinab ko‘rish, ular bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish va dalillar bazasini yaratish uchun bir qator Web3 yechimlarini faol ravishda sinovdan o‘tkazmoqda. Bu yechimlarning barchasi o‘zlarining tadqiqot yo‘nalishidagi yangi sohalarni o‘rganish uchun Web3’dan foydalanadi. Shuningdek, ular xizmatlardan yetarlicha foydalana olmaydigan shaxslar va jamoalarning barqarorligini oshirish uchun Web3’dan foydalanmoqda.

Hamkorlikning uchta asosiy yo‘nalishi

Mercy Corps Ventures (MCV) va Polygon Labs hamkorligi uchta asosiy yo‘nalishga ega bo‘ladi:

  1. Xizmatlardan yetarlicha foydalana olmaydigan va chetda qolgan jamoalarning moliyaviy tizimga kirishini ta’minlash uchun blokcheyn loyihalarini moliyalashtirish. Ikki tomon bank xizmatlaridan yetarlicha foydalana olmaydigan 1,4 milliard aholiga moslashtirilgan blokcheyn yechimlarini taqdim etish ustida ishlaydi. Bu, pirovardida, inklyuziv va adolatli global moliyaviy tizimni yaratishga yordam beradi.

  2. MCV va Polygon Labs ishlab chiquvchilar bilan birgalikda blokcheyn bo‘yicha bir qator xakatonlar o‘tkazadi. Bu orqali rivojlanayotgan bozorlardagi foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatib, blokcheyn yechimlari mahalliy muammolarni hal qilishga qanday yordam berishi haqida xabardorlik va bilimni oshiradi.

  3. Uchinchi yo‘nalish — Mercy Corps faoliyat yuritadigan barcha bozorlarda blokcheyn bo‘yicha o‘quv lageri safar dasturini o‘tkazish. Bu sa’y-harakatlar “blokcheyn texnologiyasi orqali faoliyatini yaxshilashga intilayotgan mahalliy ta’lim muassasalari, NNTlar va boshqa tashkilotlar uchun o‘quv hamda axborot sessiyalarini” tashkil etishga yordam beradi.

Global moliyaviy inklyuziyani rivojlantirish maqsadida MCV o‘tgan oy Crypto for Good Fund II’ni ishga tushirdi. Ular blokcheynga asoslangan yechimlarning keng miqyosda qo‘llanishi va rivojlanayotgan bozorlarga ta’sirini isbotlash uchun dalillar to‘plash maqsadida bir qator sinov loyihalarini amalga oshiradi. O‘tgan yili fondni ishga tushirishning birinchi bosqichida MCV dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan 200 dan ziyod ariza olgan edi. Ikkinchi bosqich uchun arizalar 31-martgacha qabul qilinadi.