Ijtimoiy tarmoqlar brend yoki biznes atrofida onlayn hamjamiyat yaratish uchun deyarli tengi yo‘q vositadir. Biroq, ayni ishni qilishga urinayotgan odamlar va tashkilotlar ko‘p bo‘lgani sababli, kommunikatsiya mutaxassislari sodiq obunachilar hamjamiyatini shakllantirish uchun yondashuvlarini takomillashtirishlari kerak.
Quyida zamonaviy davrda mustahkam hamjamiyat guruhini shakllantirishingizga yordam beradigan, yetakchi sifatida siz uchun 10 ta foydali maslahat keltirilgan.
Javob berishga tayyor bo‘ling
Ijtimoiy tarmoqlarda qiziqarli kontent joylash muhim, ammo izohlarga javob berish hamjamiyatingizni yanada rivojlantirishga yordam beradi. Izoh qoldirganlarga javob yoki layk bilan munosabat bildirsangiz, hamjamiyat a’zolari tezkorligingizni qadrlaydi va postlaringiz bilan muntazam ravishda o‘zaro aloqada bo‘lishga undaladi. Shuningdek, kontentingizni ko‘proq odamlarga yetkazish va uning tabiiy ravishda ommalashishiga yordam berasiz.
Obunachilarni ezgu maqsad yo‘lida harakat qilishga undang.
Brendlar xizmat ko‘rsatadigan jamoalarga yordam berish — qadriyatlarni amalda namoyon etishning ajoyib usuli. Auditoriyani biror tashabbusda qatnashishga taklif qilishda ijtimoiy tarmoqlar obunachilar va muxlislar bilan muloqot qilish uchun kuchli vosita bo‘la oladi. Obunachilarga ijtimoiy tarmoqlarda ezgu maqsad bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirish imkonini berish orqali ularga ijobiy o‘zgarish qilishga yordam berasiz va shu bilan birga, ularning brend bilan umumiy aloqasini mustahkamlaysiz.
Obunachilaringiz kontenti bilan o‘zaro aloqada bo‘ling
Diqqatni tortadigan, retvit yig‘ishga qaratilgan va sun’iy shov-shuvli kontent turli soha vakillari orasida odatiy holga aylanib borayotgan bo‘lsa-da, oqimga qarshi borib, ijtimoiy tarmoqlarni tinglashni sinab ko‘rishingiz mumkin. O‘z kontentingizni joylash o‘rniga, obunachilaringizni tinglang va ularning kontenti bilan muloqot qilib, ularni ruhlantiring. Ular buni qadrlashadi, bu esa munosabatlaringiz poydevorini mustahkamlashga yordam beradi.
Sizni ruhlantiradigan uchinchi tomon kontentini to‘plang va ulashing
Agar biror narsa sizni ruhlantirsa, ehtimol, u boshqalarni ham ruhlantiradi! Siz yaratmagan bo‘lsangiz ham, iqtiboslar, san’at asarlari, hikoyalar yoki sizni ilhomlantiradigan boshqa narsalarni ulashing. Kontent ijodkorlariga mualliflikni berishni unutmang va platformangizdan turli ijodkorlarni targ‘ib qilish uchun foydalaning.
Obunachilarga e’tibor qarating va ularni faol ishtirokchilarga aylantiring
Agar ijtimoiy tarmoqlarni haqiqatan ham hamjamiyat deb bilsangiz, obunachilaringiz nuqtayi nazaridan ham ularga shunday munosabatda bo‘ling. Ko‘proq vaqt talab qilsa ham, obunachilaringizning hikoyalarini ulashing. Ulardan hol-ahvol so‘rang. Videolarini ulashing. Nega brendingizni yaxshi ko‘rishlari va u hayotlarining muhim qismi ekani haqida kontent yaratish uchun ularni tashkilotingiz bilan hamkorlik qilishga taklif qiling.
Brend uslubingizga sodiq qolgan holda samimiy bo‘ling
Jamiyatdagi an’anaviy hamjamiyatlar umumiy qiziqishlar asosida shakllanadi, onlayn hamjamiyatlar ham bundan mustasno emas. Odamlar siz ulashadigan va o‘z hayotlarida qo‘llashlari mumkin bo‘lgan hikoyalar, saboqlar va g‘oyalar tufayli sizni izlab topib, kuzatishadi. Bundan tashqari, ulashadigan kontentingiz profilingizda o‘zingizni qanday ta’riflaganingizga mos bo‘lishi kerak, shunda obunachilar nimani kutishni bilishadi.
O‘z vaqtida bo‘ling
O‘z vaqtida ulashish juda muhim. Xabaringiz bugun bozorda yuz bergan voqealarga mos bo‘lishi kerak. Nafaqat nimani va nima uchun ulashayotganingizni, balki “nega aynan hozir?” degan savolni ham o‘ylab ko‘ring. Kontentingiz obunachilaringiz bilan darhol bog‘lanishi kerak. Hozir ularning dunyosida nimalar yuz bermoqda? Odamlarni harakatga undamoqchi bo‘lsangiz, ular fikrni amaliy harakat bilan bog‘lay olishlari va so‘ng bunga muvofiq ish tutishlari kerak.
Qiziqarli kontent orqali faollikni oshiring
Ijtimoiy tarmoqlar, avvalo, o‘zaro muloqot uchun xizmat qiladi. B2B sohasimizdagi ko‘pchiligimiz bu kanallar orqali yetakchi g‘oyalarni tarqatishga e’tibor qaratsak-da, chinakam faollik kontentni qiziqarli qilganingizda yuzaga keladi. Odamlar bir-birlarini ko‘rishni va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlashni istashadi. Ularni insoniy hikoyalar o‘ziga tortadi. Bularning barchasini kontentingizga qo‘shishingiz kerak.
G‘ayrioddiy ishlarni amalga oshirayotgan “oddiy” insonlarni e’tirof eting.
“Noldan qahramongacha” iborasini hamma yaxshi ko‘radi. 2020-yilda o‘rgangan eng muhim narsalarimizdan biri shuki, qancha “oddiy” insonlar qahramon ekan. Bu men eshitgan eng ilhomlantiruvchi fikr. Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqdagi obunachilaringizni ruhlantirish bo‘yicha maslahatim: “oddiy” odamlar — xodimlar ham, mijozlar ham — qanday qilib aql bovar qilmas ishlarni amalga oshirayotganini va mahsulotingiz ularga bunga qanday yordam berishini ko‘rsating.
Xavfsiz onlayn muhit yarating
Brend qiymati uchun ishonch — yangi valyuta. Obunachilaringizni ruhlantirishdan oldin, ularga ishonchli va xavfsiz muhit yaratishingiz kerak. Zararli kanal xatti-harakatlarini tushunish, xavfli faoliyatni aniqlash, inson moderatsiyasini ustuvor qilish, tahdidlarga javob berish va sun’iy intellekt yordamida aniqlash tizimini takomillashtirish — dastlabki qadamlardir. Buning uchun jiddiy mehnat talab etiladi, ammo ishonch va xavfsizlik mavjud bo‘lsa, odamlar o‘z maqsadlariga (va sizning maqsadlaringizga) erisha oladi.