Kriptoaktivlar ikki xonali foizlarda zarar ko‘rsatayotganida o‘zingizni bosib olish oson emas. Ammo boshingizni qumga tiqmang: ushbu oddiy qadamlarni bajaring va ayiq bozori taqdim etayotgan imkoniyatdan unumli foydalaning.
Kripto bozori ikki xonali foizlarda pasayishlarni boshdan kechirmoqda: 2022-yil iyunida bitkoin (BTC) narxi 20 000 dollardan pastga tushib, 2020-yil noyabridan beri eng quyi darajaga yetdi. Kriptodan tashqaridagi umumiy bozor kayfiyati ham tushkun va ko‘plab investorlarni xavotirga solayotgani tushunarli. Ammo bu qo‘l siltab, bozorlardan qochishingiz kerak degani emas.
Unda buning o‘rniga nima qilish kerak?
1. Dollar-cost averaging usulidan foydalanib, kriptovalyutani narxi tushganda sotib oling
Bozor keskin o‘zgaruvchan bo‘lib qolganida kripto savdosida noto‘g‘ri tomonda qolib ketish juda oson, ammo bu portfelingiz soat sayin qadrsizlanib borishini shunchaki kuzatib o‘tirishingiz kerak degani emas.
Fiat valyutasi yoki stabilkoinlar zaxirasini saqlab qo‘ygan yoxud bank hisobida sarflash mumkin bo‘lgan mablag‘i bor investorlar “narx tushganda sotib olish” imkoniga ega bo‘ladi. Kripto sanoatida keng qo‘llanadigan bu ibora bozorda sezilarli pasayish yuz berganida kriptovalyutani ma’lum miqdorda sotib olish amaliyotini anglatadi.
G‘oya shundan iboratki, narxlar avvalgi cho‘qqilariga qaytganida, narx tushganda sotib olganlar yaxshigina foyda ko‘radi. Bu birja savdosi afsonasi Uorren Baffetning mashhur nasihatini eslatadi: u bir paytlar “Ko‘chalarda qon oqayotganida, sotib ol”, degan edi.
Masalan, zaxirada 1 000 dollar mablag‘ingiz bor, deylik. Yaxshi DCA strategiyasi bu mablag‘ni 200 dollardan besh qismga yoki hatto 100 dollardan 10 qismga bo‘lib, kichikroq summalar bilan savdo qilish bo‘ladi.
2. Eng yaxshi kirish nuqtasini topish uchun indikatorlardan foydalaning
Texnik tahlilni — aktiv narxining harakatini grafik tendensiyalari, indikatorlar va shakllar asosida bashorat qilish amaliyotini — boshlang‘ich yoki undan yuqori darajada tushunadigan investorlar aktiv eng past nuqtaga yetganini aniqlash uchun muayyan indikatorlardan foydalanishi mumkin.
Albatta, hech bir indikator mutlaqo xatosiz emas, ammo ular narx tushganida qachon sotib olish kerakligi haqida ko‘pincha kuchli signal beradi.
Keng tarqalgan usullardan biri — Nisbiy kuch indeksi (RSI) indikatoridan foydalanish. Bu kanal va uning ichida tebranib turadigan chiziqdan iborat momentum osillyatoridir. Ushbu vositaning ikkita asosiy jihati bor:
Haddan tashqari xarid qilingan: indikator chizig‘i kanaldan yuqoriga chiqsa, ko‘rib chiqilayotgan aktiv “haddan tashqari xarid qilingan”, boshqacha aytganda, ortiqcha baholangan deb hisoblanadi va bu odatda narxlar tez orada pasayishini bildiradi.
Haddan tashqari sotilgan: indikator chizig‘i kanal ostiga tushsa, ko‘rib chiqilayotgan aktiv “haddan tashqari sotilgan” yoki qadri past baholangan deb hisoblanadi va bu odatda narxlar tez orada ko‘tarilishini bildiradi.
3. Investitsiyalaringizni turli kriptoaktivlarga taqsimlang
Xavfni kamaytirishning bir yo‘li — turli kriptoaktivlar uchun DCA usulidan foydalanish. Buning uchun har bir savdo hajmini yanada kichraytirishingiz mumkin, ammo shu bilan umumiy xavfingizni kamaytirasiz. Albatta, kriptoaktivlarni tasodifiy tanlab, ularga sarmoya kiritishning o‘zi yetarli emas. Sotib olmoqchi bo‘lgan har bir kriptoaktivni avval sinchiklab tekshirib, quyidagilarga e’tibor qarating:
Avvalgi tarixiy cho‘qqisi: Hech bir kriptovalyuta avvalgi tarixiy cho‘qqisiga qaytishi kafolatlanmaydi, biroq bu aktivning salohiyati haqida tasavvur berishi mumkin.
Avvalgi natijalari: TradingView kabi vositalardan foydalanib, aktivning narx tarixini ko‘rib chiqing va avvalgi qulashlardan keyin qanchalik yaxshi tiklanganini aniqlang. Uning narxi butun bozor bilan chambarchas bog‘liqmi yoki boshqa yetakchi aktivlardan muntazam ravishda yaxshiroq natija ko‘rsatadimi? Avvalgi natijalar kelajakdagi narx harakatiga kafolat bermaydi, ammo yana bir bor aytganda, nimalar mumkinligi haqida taxminiy tasavvur beradi.
Kutilayotgan yo‘l xaritasi e’lonlari: Aktivning tiklanishiga katta yangilanish yoki yo‘l xaritasidagi ishlanmaning amalga oshishi yordam berishi mumkin. Bunga brendni yangilash, asosiy tarmoqni ishga tushirish yoki yangi hamkorlik kabi ishlar kiradi.
4. Vahimaga tushmang
Bu o‘z-o‘zidan tushunarli tuyulishi mumkin, ammo pasayish bozori paytida hissiyotlarni boshqarish aytishdan oson emas. Aslida, professional savdo qilishni o‘rganishda bu ko‘pincha o‘zlashtirish eng qiyin bo‘lgan mahorat deb ta’riflanadi.
Taniqli amerikalik iqtisodchi Benjamin Grem bir paytlar shunday degan: “Hissiyotlarini boshqara olmaydigan insonlar investitsiya jarayonidan foyda olishga yaroqsizdir.”
O‘qiganingiz uchun rahmat, yangilanishlar va kontentlar uchun kuzatib boring.