Xitoy hukumati Gonkongning oddiy investorlarga kriptovalyuta savdosini taklif etish qarorini muloyimlik bilan qo‘llab-quvvatlayotganga o‘xshaydi. Bu e’tiborga molik, chunki bunga 2021-yilda Pekinning materik Xitoyda kriptovalyutaga oid barcha operatsiyalarni to‘liq taqiqlagani ortidan yo‘l qo‘yilmoqda.
Gonkong kriptovalyuta markaziga aylanishni istaydi
Gonkong 2018-yilda chakana investorlar uchun kriptovalyuta savdosini taqiqlaganidan so‘ng, uni qayta yo‘lga qo‘yishga tayyor ko‘rinadi.
Gonkong Qimmatli qog‘ozlar va fyucherslar komissiyasi (SFC) yangi maslahat hujjatini e’lon qilib, «chakana investorlarni ham o‘z ichiga olgan barcha turdagi investorlarga litsenziyaga ega VA [virtual aktiv] savdo platformalari provayderlari taqdim etadigan savdo xizmatlaridan foydalanishga ruxsat berish»ni taklif qildi.
Biroq, oddiy investorlar kriptovalyuta savdosini qayta boshlashidan oldin bir qator talablar bajarilishi kerak. Masalan, SFC savdo platformalariga token ortida turgan jamoani sinchiklab tekshirishni hamda token tarmog‘i odatiy hujumlarga qanchalik chidamli ekanini aniqlashni taklif qildi. Bu savdogarlarga faqat oldindan tasdiqlangan tokenlar taqdim etilishini ta’minlaydi. Rejada, shuningdek, chakana treyderlar uchun mavjud bo‘lgan investitsiya miqdorini cheklash taklif etilgan.
Bundan tashqari, SFC savdoga faqat «bozor qiymati yuqori virtual aktivlar»ni qo‘yishni taklif qilmoqda. Komissiya qaysi yirik tokenlar ro‘yxatga kiritilishini aniq aytmagan bo‘lsa-da, qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha nazorat organi vakilining aytishicha, bitkoin va efir, katta ehtimol bilan, ular qatoridan joy oladi.
Gonkong Pekindan bilvosita qo‘llab-quvvatlov oldi
Vaziyatdan xabardor shaxslarga tayanib, Bloomberg 21-fevral kuni xabar berishicha, Gonkong Pekindan bilvosita qo‘llab-quvvatlov olgan. Xitoyning Aloqa idorasi vakillari shaharda nimalar bo‘layotganini yaxshiroq tushunish uchun Gonkongdagi kripto tadbirlariga tashrif buyurayotgani aytilmoqda.
Bu masalada ularning Pekin rasmiylari bilan aloqalari hozirgacha do‘stona kechgan. Mahalliy ishtirokchilar buni Pekin Gonkongning mintaqaviy kripto markaziga aylanish maqsadini — buni oshkora bildirmasa-da — qo‘llab-quvvatlayotgani va shaharni kriptoaktivlar uchun sinov maydoni sifatida ishlatishga tayyorligining belgisi deb bilishmoqda.
Bu so‘nggi qadam kriptovalyuta sektorida bir necha oy davom etgan keskin o‘zgaruvchanlikdan keyin amalga oshirildi. Bunga so‘nggi zarba raqamli aktivlar birjasi FTXning shov-shuvli qulashi bo‘ldi.
Bozor qiymati eng yuqori kriptovalyuta bo‘lgan bitkoin 2021-yil noyabrida tarixiy eng yuqori nuqtaga yetganidan beri qariyb 63.70% ga arzonladi. «Altkoin» deb ataluvchi bir qator kriptovalyutalarning ahvoli esa bundan-da yomonroq.