2022-yil noyabr oyida taniqli kriptovalyuta birjasi FTX jiddiy inqirozga uchradi va shundan beri bu ish bo‘yicha turli voqealar yuz berdi. Aksariyat foydalanuvchilar yo‘qotgan mablag‘lari qaytarilishini hanuz kutayotganiga qaramay, birjaning Yaponiyadagi bo‘limi kriptovalyutalar va fiat valyutalarini yechib olishni qayta boshlashga qaror qildi. Yaqinda e’lon qilingan xabarga ko‘ra, FTX’ning Yaponiyadagi bo‘limi mablag‘larni yechib olish Tokio vaqti bilan tush paytida boshlanishini ma’lum qildi.

2023-yil 20-fevral holatiga ko‘ra, birjada savdo qilish uchun jami 14 ta aktiv mavjud edi. Ushbu kriptovalyutalarning joriy holati haqida FTX mijozlari ularga ishonib topshirgan aktivlarni amaldagi qonun va qoidalarga muvofiq boshqarib kelayotganini tushuntirdi. Mijozlarning kriptoaktivlari sovuq hamyonlarda, fiat valyutalari esa Yaponiyada joylashgan trast hisobvaraqlarida saqlangan.

FTX Japan pul mablag‘larini yechib olish jarayonini qanday amalga oshirmoqda

Birja ushbu jarayondan foydalanish huquqiga ega mijozlarga pul mablag‘larini yechib olish tartibi haqida xabar beruvchi va jarayonni Liquid Japan boshqarishini bildiruvchi elektron xatlar yubordi. FTX o‘tgan yili ushbu kriptovalyuta savdo kompaniyasini sotib olganligi sababli, mijozlar Liquid Japan’da hisob ochishlari va FTX Japan hisobidagi mablag‘ qoldig‘ini tasdiqlashlari kerak.

Birja, shuningdek, pul mablag‘larini yechib olish bo‘yicha so‘rovlar soni ko‘pligi sababli, pulni yechib olish va yetkazib berish jarayoni sekinlashishi mumkinligi haqida foydalanuvchilarni ogohlantirdi. Bayonotda mijozlar soni ko‘pligi sababli so‘rovlarni ko‘rib chiqish biroz vaqt olishi mumkinligi ta’kidlandi. Birja boshqa xizmatlar qachon qayta tiklanishini keyinroq e’lon qilishni rejalashtirmoqda.

FTX.US bankrotlik jarayonini davom ettirar ekan, birja bilan operatsiyalarni amalga oshirgan mijozlar mablag‘larining holati borasida hamon noaniqlikda. Yaponiya regulyatorlari investorlarni himoya qilishga qaratilgan qat’iy qoidalarni tezkor joriy etgani uchun maqtovga sazovor bo‘ldi.