Raqamli sanʼatni NFTlar yordamida monetizatsiya qilish egalik huquqini tasdiqlaydi, qiymatni oshiradi va royalti olish imkoniyatini yaratadi.

O‘zgartirib bo‘lmaydigan tokenlar (NFTlar) raqamli sanʼatni sotish va tarqatishning yangi usulini taklif qiladi. Shuningdek, ular raqamli davrda rassomlar uchun yangi daromad manbalarini ochish imkoniyatiga ega. Quyida raqamli sanʼatingizni NFTlar yordamida monetizatsiya qilishning beshta usuli keltirilgan.

Bo‘lib-bo‘lib egalik qilish

Bu sanʼat asariga egalik huquqini kichikroq qismlarga bo‘lish va ularni tokenlar sifatida sotishni anglatadi, bu esa bir nechta investorga asardan ulushga ega bo‘lish imkonini beradi. Masalan, rassom sanʼat asari uchun 100 ta token yaratib, ularni 100 nafar xaridorga sotishi mumkin. Ularning har biri asarning bir ulushiga egalik qiladi.

Dinamik NFTlar

Dinamik NFTlar — vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib, egasi uchun o‘ziga xos va rivojlanib boruvchi taassurot yaratadigan NFT turidir. Dinamik NFTlar san’at asarini yangilash uchun ijtimoiy tarmoqlardagi postlar yoki real hayotdagi voqealar kabi tashqi ma’lumot manbalaridan foydalanishi mumkin.

Masalan, “The Eternal Pump” — kriptovalyuta bozori ko‘tarilib-tushishiga qarab o‘zgaradigan dinamik NFT. Kriptovalyutalar qiymati oshgani sari san’at asari yanada murakkab va batafsil ko‘rinishga kiradi, qiymati pasayganda esa sodda va mavhumroq bo‘ladi. Tomoshabinlarga san’at asaridagi o‘zgarishlarni kuzatish va uning vaqt o‘tishi bilan rivojlanishini ko‘rish imkonini bergani uchun dinamik NFTlar kolleksionerlarning ishtiroki va qiziqishini yangi darajaga olib chiqishi mumkin.

Dinamik NFTlardan auksion orqali daromad olish mumkin: kolleksionerlar ularga narx taklif qiladi va eng yuqori narx taklif qilgan kishi egalik huquqini qo‘lga kiritadi. O‘ziga xos xususiyatlari va o‘zgaruvchan tabiati tufayli talab yuqori bo‘lgan dinamik NFTlar auksionda qimmat narxlarga sotilishi mumkin. Bundan tashqari, obunaga asoslangan tizimlar orqali san’atkorlar kolleksionerlarga haq evaziga eksklyuziv dinamik NFTlarni taklif qilishi mumkin. Bu NFTlar tez-tez o‘zgarib, obunachilarga muntazam ravishda yangi kontent taqdim etishi mumkin.

Royalti

NFTlarni dasturlash orqali ular ikkilamchi bozorda qayta sotilganida, har safar sotuvdan tushgan mablag‘ning ma’lum foizini san’atkorga avtomatik ravishda to‘lash mumkin. Bu san’atkorlarga dastlabki sotuvdan keyin ham o‘z ijodidan daromad olishda davom etish imkonini beradi. Masalan, raqamli san’atkor Pak “The Fungible” nomli NFTni 502 000 dollarga sotgan va NFT har bir keyingi sotuvdan san’atkorga 10% royalti to‘lash uchun dasturlangan. O‘shandan beri NFT bir necha bor qayta sotilgan va san’atkor 2 million dollardan ortiq royalti ishlab topgan.

O‘yinlashtirish

Bu foydalanuvchilar o‘ynashi yoki o‘yinlarda foydalanishi mumkin bo‘lgan interaktiv o‘zgartirib bo‘lmaydigan tokenlarni yaratishni o‘z ichiga oladi. Masalan, Axie Infinity — NFTlardan o‘yin aktivlari sifatida foydalanadigan o‘yin. O‘yinchilar o‘z o‘yin qahramonlarini yaratish uchun ularni sotib olishi, sotishi va ayirboshlashi mumkin.

Bundan tashqari, o‘yin yoki ilovada muayyan maqsadlarga erishganlik yoki faoliyatlarni bajarganlik uchun NFTlarni mukofot sifatida berish mumkin. Masalan, fitnes ilovasi kunlik mashq maqsadlariga erishgan foydalanuvchilarga o‘zgartirib bo‘lmaydigan tokenlarni taklif qilishi mumkin.

Jismoniy aktivlar bilan bog‘liqlik

NFTlar bilan jismoniy aktivlarni bog‘lash — odatda noyob identifikator yoki koddan foydalanib, jismoniy obyektni noyob raqamli aktivga ulashni anglatadi. Bu jismoniy obyektning haqiqiyligi va unga egalik huquqini tekshirish, shuningdek, unga bog‘liq raqamli aktivning egalik huquqi va qiymatini o‘tkazish imkonini beradi.

Shuningdek, NFTdan ko‘chmas mulk yoki avtomobil kabi jismoniy aktivga egalik huquqini ifodalash uchun foydalanish mumkin. Masalan, CarForce nomli kompaniya qimmatbaho avtomobillarga egalik huquqini tasdiqlovchi NFTlarni ishlab chiqmoqda. Bunda NFT raqamli avtomobil kaliti vazifasini bajarib, egasiga haqiqiy avtomobilga kirish va uni boshqarish imkonini beradi.