Moliya olamida mislsiz muvaffaqiyatga erishgan barcha davrlarning eng buyuk 11 nafar investori bilan tanishing.

Barcha davrlarning eng buyuk investorlaridan o‘rganish muvaffaqiyatli investitsiya strategiyalari va falsafalari haqida qimmatli tushunchalar berishi mumkin. Ularning muvaffaqiyat tarixi va tajribalari yangi investorlarni ilhomlantirib, ularga yo‘l ko‘rsatadi. Ularning usullarini o‘rganish odamlarga o‘z investitsiya yondashuvini ishlab chiqish va moliya olamida muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini oshirishga yordam beradi.

Mana, barcha davrlarning eng buyuk 11 nafar investori. Tarixdagi eng muvaffaqiyatli investorlardan bo‘lishlariga yordam bergan investitsiya strategiyalari va falsafalari haqida bilib oling.

Warren Buffett

Berkshire Hathaway kompaniyasi raisi va bosh direktori Warren Buffett «Omaha orakuli» sifatida tanilgan. Uning boyligi 108 milliard dollardan ortiq bo‘lib, uzoq muddatli qiymatga asoslangan investitsiya yondashuvi bilan XX asrning eng muvaffaqiyatli investori deb keng e’tirof etiladi. Qiymatga asoslangan investor bo‘lish — bozorda o‘z qiymatidan past baholanayotgan kompaniyalarni izlash demakdir.

Buffett uzoq muddatli investor bo‘lgani uchun sarmoyalarini uzoq vaqt saqlab turishga ishonadi. U mashhur tarzda: «Biz uchun eng ma’qul saqlash muddati — abadiy», degan. U boshqa kompaniyalarning raqobatlashishini qiyinlashtiradigan, barqaror raqobat ustunligi — «himoya to‘sig‘i»ga ega kompaniyalarni izlaydi.

George Soros

Soros Fund Management asoschisi, valyuta bozoridagi agressiv spekulyatsiyalari va 1992-yilda Angliya bankini «tiz cho‘ktirgan» savdosi bilan tanilgan Sorosning boyligi 8,6 milliard dollarni tashkil etadi. U xayriya ishlari va siyosiy faolligi bilan ham mashhur.

Refleksivlik — bozor sharoitlariga ham subyektiv tasavvur va voqelik talqini, ham haqiqiy faktlar ta’sir ko‘rsatadi, degan tushuncha — Sorosning asosiy investitsiya tamoyillaridan biridir. Bu bozor ishtirokchilarining tarafkashligi va kognitiv cheklovlari ularning bozorni qanday qabul qilishiga ta’sir ko‘rsatib, mavjud bozor tendensiyalarini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan teskari aloqa halqalarini yuzaga keltirishi mumkinligini anglatadi. Sorosning fikricha, bozorlarning refleksiv tabiatini tushunish orqali investorlar bozor tebranishlarini yaxshiroq bashorat qilib, ulardan foyda ko‘rishlari mumkin.

Bundan tashqari, u «xavfsizlik marjasi» tushunchasini ilgari suradi. Unga ko‘ra, investorlar aktivlarni faqat haqiqiy qiymatidan sezilarli darajada arzon bo‘lgandagina sotib olishlari kerak. Bu, ayniqsa kutilmagan vaziyatlar yoki bozordagi beqarorlik sharoitida, investorlarning katta zarar ko‘rish ehtimolini kamaytiradi.

Peter Lynch

Fidelity Magellan Fund’ning sobiq menejeri Lynch 1977-yildan 1990-yilgacha yillik o‘rtacha 29,2 foiz daromad keltirgan va barcha davrlarning eng muvaffaqiyatli investitsiya fondi menejerlaridan biri sifatida keng e’tirof etiladi.

Peter Lynchning asosiy investitsiya tamoyillaridan biri — «o‘zingiz bilgan narsaga sarmoya kiriting». Lynchning fikricha, odamlar kundalik hayotida investitsiya imkoniyatlarini payqay olgani sababli, yakka investorlar institutsional investorlarga nisbatan ustunlikka ega. O‘zlari ishlatadigan va yaxshi biladigan biznes hamda mahsulotlarni kuzatib borish orqali yakka investorlar boshqalar e’tibordan chetda qoldirishi mumkin bo‘lgan istiqbolli investitsiya imkoniyatlarini ko‘rishlari mumkin.

Benjamin Graham

«Qiymatga asoslangan investitsiyaning otasi» sifatida tanilgan Graham investitsiya sohasidagi muhim asar — «Aqlli investor» kitobini yozgan va Warren Buffettga ustozlik qilgan.

Hozirda ichki qiymatidan arzon narxda sotilayotgan aksiyalarni xarid qilishni nazarda tutuvchi qiymatga asoslangan investitsiya Graham falsafasining tamal toshidir. Graham investorlar bozorning qisqa muddatli tebranishlariga emas, balki kompaniyaning boshqaruvi, moliyaviy ko‘rsatkichlari va raqobatdagi mavqei kabi fundamental jihatlariga e’tibor qaratishlari kerak, deb hisoblagan.

John Paulson

Paulson & Co. asoschisi John Paulson 2007-yilda AQSh uy-joy bozorining qulashiga qarshi 15 milliard dollarlik tikishi bilan tanilgan. Bu unga 4 milliard dollar daromad keltirgan va moliya tarixidagi eng yirik savdolardan biri sifatida qayd etilgan.

Paulson makroiqtisodiy tendensiyalarga yirik miqdorda tikish strategiyasi bilan tanilgan xedj-fond menejeridir. U bozordagi noto‘g‘ri baholangan aktivlarni chuqur tadqiqot orqali aniqlash va daromadni oshirish uchun derivativlardan foydalanishga ishonadi. Shuningdek, u kuchli fundamental ko‘rsatkichlarga ega, ammo qiymati past baholangan kompaniyalarga sarmoya kiritishga e’tibor qaratadi.

Ray Dalio

Bridgewater Associates asoschisi Ray Dalio dunyodagi eng yirik xedj-fondlardan biriga rahbarlik qiladi. U ko‘plab muvaffaqiyatli investorlar va bizneslar tomonidan qo‘llanilgan, boshqaruvga oid «Tamoyillar» yondashuvi bilan tanilgan.

Dalio «radikal shaffoflik» va «tamoyillarga asoslangan» qaror qabul qilish falsafasi bilan tanilgan xedj-fond menejeridir. U har kim o‘z g‘oya va fikrlarini ochiq hamda samimiy tarzda bildirishga undaladigan muhitni yaratish tarafdori. Dalio kelajakda yaxshiroq qarorlar qabul qilish uchun yo‘l-yo‘riq beruvchi tamoyillar majmuasini ishlab chiqish kerak, deb hisoblaydi. Uning investitsiya strategiyasi makroiqtisodiy tendensiyalarni aniqlash, xatarlarni boshqarish va diversifikatsiyaga asoslangan.

Carl Icahn

Icahn Enterprises asoschisi va faol investorlik yondashuvi bilan tanilgan Carl Icahn TWA, Texaco va Blockbuster kabi kompaniyalarga katta miqdorda sarmoya kiritgan. Uning boyligi 16 milliard dollardan ortiq.

Icahnning investitsiya falsafasi qiymati past baholangan kompaniyalarning yirik ulushlarini sotib olish va investorlar uchun qiymat yaratadigan o‘zgarishlarga erishish maqsadida aksiyador sifatidagi ta’siridan foydalanishni o‘z ichiga oladi. U agressiv uslubi va kompaniya boshqaruvi hamda strategiyasini o‘zgartirish uchun vakillik orqali kurashlarga kirishishga tayyorligi bilan tanilgan.

Jesse Livermore

Texnik tahlilning kashshoflaridan biri deb hisoblangan Jesse Livermore 1929-yilgi fond bozori qulashi va 1907-yilgi vahima davridagi muvaffaqiyatli tikishlari bilan tanilgan.

Livermorning investitsiya yondashuvi bozor harakatlariga asoslanib tikish, bozor tendensiyalarini aniqlash uchun texnik tahlildan foydalanish va qat’iy xatarlarni boshqarish qoidalariga rioya qilishni o‘z ichiga olgan. U bozor o‘zgarishlarini bashorat qila olishi va tahlillariga asoslanib muvaffaqiyatli bitimlar tuzishi bilan tanilgan.

David Einhorn

Greenlight Capital asoschisi, qisqa pozitsiyalar ochish yondashuvi hamda Lehman Brothers va Allied Capital’ga qarshi muvaffaqiyatli tikishlari bilan tanilgan David Einhornning boyligi 1 milliard dollardan ortiq.

Einhornning investitsiya uslubi chuqur tadqiqot orqali bozordagi noto‘g‘ri baholangan aktivlarni topish va qiymatga asoslangan yondashuvdan foydalanishni o‘z ichiga oladi. U aktivlari qiymati past baholangan yoki o‘sish salohiyatiga ega kompaniyalarni aniqlash, shuningdek, sarmoyalariga uzoq muddatli nuqtayi nazardan qarash qobiliyati bilan tanilgan.

Jim Simons

Renaissance Technologies asoschisi, miqdoriy savdo strategiyalaridan foydalanishi bilan tanilgan Jim Simonsning boyligi 25 milliard dollardan ortiq. U taniqli xayriyachi hamdir. Simonsning investitsiya strategiyasi qonuniyatlarni aniqlash va savdo signallarini yaratish uchun matematik modellar hamda miqdoriy tahlildan foydalanishga asoslangan.

Philip Fisher

Investitsiya qilishda «mish-mishlarni surishtirish» yondashuvi bilan tanilgan Fisher «Oddiy aksiyalar va g‘ayrioddiy daromadlar» nomli ta’sirli investitsiya kitobini yozgan va Warren Buffettni ham o‘z ichiga olgan ko‘plab muvaffaqiyatli investorlarga ustozlik qilgan.

U uzoq muddatli o‘sish imkoniyatlariga ega bizneslarni topishning eng yaxshi yo‘li ularning boshqaruvi, sanoatdagi o‘rni va raqobat ustunliklarini chuqur o‘rganish, deb hisoblagan. Fisher, shuningdek, innovatsiya, tadqiqot va ishlanmalarga katta e’tibor qaratadigan bizneslarga sarmoya kiritish muhimligini ta’kidlagan.