Kredit yelkasi — bu investorlar investitsiyalaridan olinishi mumkin bo‘lgan daromadni oshirish uchun qarz mablag‘laridan foydalanadigan investitsiya strategiyasidir.
Maqsad — loyiha foyda olish salohiyatini bir necha barobar oshirish. Biroq boshqa tomondan, investitsiya muvaffaqiyatsiz bo‘lsa, bu strategiya zarar ko‘rish xavfini ham oshirishi mumkin.
Savdoda kredit yelkasi funksiyasi
Umuman olganda, savdoda kredit yelkasining vazifasi aktivlar bozorida treyderlarning xarid qobiliyatini oshirishdan iborat. Bu ularga shaxsiy kapitali nisbatan kam bo‘lsa ham, maksimal foyda olish imkonini beradi.
Kriptovalyutalarda kredit yelkasidan foydalanish treyderlarga kriptoaktivlar narxi ko‘tarilganda bir necha baravar foyda olish imkonini beradi. Boshqa tomondan, kriptoaktivlar narxi pasayib, ularni xarid narxidan pastroq narxda sotishga to‘g‘ri kelsa, treyderlar katta miqdorda pul yo‘qotishi ham mumkin.
Shu sababli, treyderlar savdo paytida ushbu strategiyadan oqilona foydalanishlari va kriptoaktivlar bilan savdoda kredit yelkasidan foydalanish tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararni qoplash uchun boshqa investitsiya vositalaridan zaxira mablag‘lariga ega ekanliklariga ishonch hosil qilishlari kerak.