Kvant hisoblash, kengaytirilgan reallik va robototexnika kabi kelajakni shakllantirishi kutilayotgan kompyuter fanlari sohasidagi 10 ta yangi texnologiyani kashf eting.
Texnologiya kelajakka sezilarli ta’sir ko‘rsatgan qudratli kuchdir. U unumdorlik va samaradorlikni oshirishdan tortib, geografik masofalarni qisqartirishgacha bo‘lgan ko‘plab yo‘llar bilan hayotimizni boyitdi. Sun’iy intellekt (AI), mashinaviy o‘rganish (ML), robototexnika va 5G tarmoqlari sohalarni o‘zgartirib, yangi qo‘llanish imkoniyatlarini ochmoqda va turmush tarzimizni o‘zgartirmoqda.
Masalan, aniq tibbiyot bemorga xos davolash usullarini joriy etish imkonini bermoqda, haydovchisiz transport vositalari esa yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish va harakatlanish imkoniyatlarini oshirishga va’da bermoqda. Biroq texnologiyalar ish o‘rinlarining qisqarishi va kiberxavfsizlik muammolari kabi yangi qiyinchiliklarni ham keltirib chiqaradi. Shunga qaramay, puxta rejalashtirish va boshqaruv orqali texnologiyalar rivojlanishda davom etib, hamma uchun yaxshiroq kelajak yaratishga yordam berishi mumkin.
Kompyuter fanlari sohasidagi kelajakka ta’sir ko‘rsatadigan 10 ta yangi texnologiya bilan tanishing.
Sun’iy intellekt va mashinaviy o‘rganish
Sun’iy intellekt va mashinaviy o‘rganish odamlarning texnologiyalar bilan o‘zaro munosabatini o‘zgartirmoqda. Ular avtomatlashtirishga turtki bermoqda, aqlli tizimlarni yaratmoqda va sog‘liqni saqlash, moliya hamda transport kabi sohalarda yangi ilovalardan foydalanish imkonini bermoqda.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt va mashinaviy o‘rganishdan blokcheynlarda firibgarlikni aniqlash, xatarlarni baholash va bashoratli tahlil kabi turli maqsadlarda foydalanish mumkin. Sun’iy intellekt va mashinaviy o‘rganish algoritmlari shubhali faoliyat va noodatiy holatlarni aniqlash hamda kelajakdagi tendensiyalarni bashorat qilish uchun katta hajmdagi blokcheyn ma’lumotlarini tahlil qila oladi. Shuningdek, ulardan aqlli shartnomalarni bajarish va aktivlarni boshqarish kabi ayrim jarayonlarni avtomatlashtirishda foydalanish mumkin.
Kvant hisoblash
Kvant kompyuterlarining imkoniyati shundaki, ular an’anaviy kompyuterlar uddalay olmaydigan masalalarni hal qila oladi. Ular hisob-kitoblarni odatiy kompyuterlarga qaraganda bir vaqtning o‘zida va eksponensial darajada tezroq bajarish uchun kvant bitlaridan (kubitlardan) foydalanadi.
Kvant kompyuterlaridan foydalanishning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlaridan biri kriptografiya sohasi bo‘lib, ulardan hozirda klassik kompyuterlarda xavfsiz deb hisoblanadigan shifrlashning ayrim turlarini buzishda foydalanish mumkin. Buning sababi shundaki, kvant kompyuterlari ayrim hisob-kitoblarni odatiy kompyuterlarga qaraganda ancha tez bajara oladi.
Blokcheyn texnologiyasi
Blokcheyn texnologiyasining asosiy qo‘llanilish yo‘nalishi turli maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan markazlashmagan va xavfsiz raqamli yozuvlarni yaratishdir. Blokcheyn texnologiyasining eng mashhur qo‘llanilishlaridan biri Bitcoin kabi kriptovalyutalarni yaratish bo‘lib, ular ayirboshlash vositasi sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan raqamli aktivlardir
Blokcheynlar ishonchga asoslanmagan va markazlashmagan tizimlarni taqdim etgani sababli, ular xavfsizroq va samaraliroq tranzaksiyalarni amalga oshirish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, bank ishi, sog‘liqni saqlash va ta’minot zanjirini boshqarish sohalarida muhimdir.
Buyumlar interneti (IoT)
IoT — fizik obyektlarni internetga ulash jarayoni bo‘lib, bu ularga o‘zaro aloqa qilish va ma’lumot to‘plash imkonini beradi. U ishlab chiqarish va sog‘liqni saqlash kabi sohalarda qo‘llaniladi, shuningdek, aqlli uylar va taqiladigan texnologiyalarda uchraydi.
Biometriya
Biometriya shaxsni aniqlash va tasdiqlash uchun barmoq izlari yoki yuzni tanib olish kabi jismoniy yoki xulq-atvor xususiyatlaridan foydalanishni o‘z ichiga oladi. U bank ishi, sog‘liqni saqlash, metakoinotlar va huquqni muhofaza qilish kabi sohalarda qo‘llanilishi mumkin.
5G tarmoqlari
Simsiz tarmoqlarning yangi avlodi — 5G tarmoqlari — 4G tarmoqlariga qaraganda yuqoriroq tezlik va kamroq kechikishni taklif etadi. Ular masofaviy jarrohlik va aqlli transport tizimlari kabi yangi ilovalardan foydalanish imkonini berishi mumkin.
Kengaytirilgan reallik (AR) va virtual reallik (VR)
Kengaytirilgan reallik va virtual reallik o‘yinlar, ta’lim, trening va ko‘ngilochar sohalar kabi turli yo‘nalishlarda foydalanuvchi tajribasini yaxshilash imkonini beradi. Masalan, foydalanuvchilar AR texnologiyasi yordamida haqiqiy dunyodagi raqamli obyektlar bilan o‘zaro aloqada bo‘lishi, VR texnologiyasi yordamida esa virtual muhitga butunlay sho‘ng‘ib ketishi mumkin.
AR va VR mijozlarning mahsulot va xizmatlar bilan tanishishi hamda ularga qiziqishini oshirish uchun qo‘llanilishi mumkin. Masalan, AR’dan chakana savdo sohasida mahsulotlarning virtual namoyishlarini yaratishda, VR’dan esa sayohat sohasida joylarning virtual turlarini tashkil etishda foydalanish mumkin.
Chekka hisoblash
Ma’lumotlarni markaziy serverga uzatish o‘rniga, chekka hisoblash ularni tarmoqning chekka nuqtasida qayta ishlaydi. Bu ishlov berish vaqtini qisqartirib, tarmoqdagi tirbandlikni kamaytirishi mumkinligi sababli, o‘zi boshqariladigan avtomobillar va aqlli shaharlar kabi ilovalar uchun juda mos keladi.
Chekka hisoblash o‘zi boshqariladigan avtomobillar uchun juda mos, chunki u avtomobil sensorlari va kameralari hosil qiladigan katta hajmdagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida qayta ishlash imkonini beradi. U bu ma’lumotlarni tarmoqning «chekka» qismida, mahalliy ravishda qayta ishlashi mumkin. Bu avtomobilga tezroq va aniqroq qarorlar qabul qilish, xavfsizlik va ishonchlilikni oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, chekka hisoblash o‘zi boshqariladigan avtomobillarning aloqa sifati yomon hududlarda ham ishlashiga yordam beradi, chunki ular bulutga bog‘liq bo‘lmagan holda ishlay oladi.
Kengaytirilgan reallik (XR)
Virtual, kengaytirilgan va aralash reallik texnologiyalarini o‘z ichiga olgan XR kelajakdagi ish jarayonlarini bir necha jihatdan shakllantirishi mumkin:
Masofaviy hamkorlik: XR texnologiyasi jamoa a’zolari uzoqda bo‘lganida ham masofadan hamkorlik qilishni osonlashtiradi. Masofaviy jamoalar virtual reallik va kengaytirilgan reallik yordamida umumiy virtual ish maydonida hamkorlik qilishi mumkin. Bu videokonferensiyaga qaraganda yanada jonli tajriba taqdim etadi.
Trening va ta’lim: XR yordamida o‘quvchilarga o‘z mahoratini xavfsiz muhitda oshirish imkonini beradigan, immersiv ta’lim muhitlarini yaratish mumkin. Bu, ayniqsa, ishlab chiqarish yoki tibbiyot kabi sohalarda foydali bo‘lishi mumkin. Bu sohalarda VR va AR’dan mos ravishda amaliyotlarni taqlid qilish va ish joyida o‘qitish uchun foydalanish mumkin.
Dizayn va prototiplash: XR texnologiyasidan mahsulotlarni loyihalash va prototiplarini yaratishda ham foydalanish mumkin. Masalan, VR yordamida virtual prototiplar yaratish mumkin, bu dizaynerlarga o‘z g‘oyalarini 3D muhitda ko‘rish va sinab ko‘rish imkonini beradi.
Mijozlarni jalb qilish: XR orqali mijozlarga yanada immersiv tajribalar ham taqdim etish mumkin. VR’dan ko‘chmas mulk obyektlari yoki sayohat joylariga virtual sayohatlar uyushtirishda, AR’dan esa interaktiv mahsulot namoyishlarini yaratishda foydalanish mumkin.
Foydalanish imkoniyati: XR texnologiyasi ayrim ish tajribalaridan nogironligi bo‘lgan insonlar ham foydalanishini osonlashtirishi mumkin. Jismoniy cheklovlar tufayli sayohat qila olmaydiganlar uchun VR yordamida virtual sayohat tajribalarini yaratish mumkin.
Robototexnika
Robototexnika vazifalarni mustaqil yoki inson boshqaruvi ostida bajara oladigan robotlarni loyihalash, yaratish va boshqarishni o‘z ichiga oladi. Robototexnika ishlab chiqarish va logistika sohalarida qo‘llanib kelgan bo‘lsa-da, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va tadqiqot kabi tarmoqlarda ham qo‘llanilishi mumkin.
Ekinlarni kuzatish va boshqarish uchun avtonom dronlardan foydalanish robototexnikaning qishloq xo‘jaligida qo‘llanilishiga misollardan biridir. Bu dronlarga ekinlar haqida, masalan, o‘sish sur’ati, tuproq namligi va o‘simliklar salomatligi bo‘yicha ma’lumot to‘plash uchun kameralar va sensorlar o‘rnatilishi mumkin.
Keyin bu ma’lumotlarni tahlil qilish va o‘g‘it hamda pestitsidlarni qo‘llash kabi ekinlarni boshqarish usullarini takomillashtirish uchun mashinaviy o‘rganish algoritmlaridan foydalanish mumkin. Dronlar ekinlarni ekish va yig‘ib olishda ham ishlatilishi mumkin. Bu qo‘l mehnatiga bo‘lgan talabni kamaytirib, unumdorlikni oshiradi. Umuman olganda, robotlar xarajatlarni kamaytirish va hosildorlikni oshirish bilan birga qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi va barqarorligini yaxshilash imkonini beradi.