Kripto olamining jadal rivojlanishi ko‘plab qiziqarli protokollarni yuzaga keltirdi. Ular orasida Synthetix alohida ajralib turadi. Yetakchi DeFi protokollaridan biri sifatida Synthetix katta salohiyatga ega. Uning dizayni foydalanuvchilarga kriptoaktivlar va real hayotdagi aktivlar qiymatiga pul tikish imkonini beradi. U butun dunyodagi foydalanuvchilarga Synthetix aktivlarini yaratish va ular bilan savdo qilish imkonini muvaffaqiyatli taqdim etmoqda.
Synthetix nima?
Synthetix — Ethereum tarmog‘ida qurilgan markazlashmagan aktivlarni sug‘urtalash protokoli. U foydalanuvchilarga DeFi olamida tovarlar, fiat valyutalar va hatto aksiyalarni o‘z ichiga olgan turli derivativlarni yaratish, saqlash va ular bilan savdo qilish imkonini beradi. Synthetix garov, steyking, inflyatsiya va komissiyalar tizimiga asoslangan ko‘p tokenli infratuzilmadan foydalanadi. Synthetix bu xizmatni moliyaviy vositachiga ehtiyoj sezmagan holda, faqat kod orqali taqdim etadi.
Synthetix nimasi bilan shu qadar o‘ziga xos?
Synthetix Chainlink’ning markazlashmagan orakullaridan foydalanadi. Ular aniqroq va manipulyatsiya qilishning imkoni yo‘q. Joriy narxlar aniq bo‘lgani uchun barcha sintetik aktivlar tegishli to‘g‘ri qiymatga ega. Protokolning Synths deb ataluvchi Synthetix aktivlari Synthetix Network Token (SNX) orqali garov bilan ta’minlanadi. Bu asosiy aktivlarning qiymati va likvidligini oshirishga yordam beradi, shuningdek, an’anaviy moliyaviy aktivlar va yangi savdo strategiyalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.
Uning eng ajoyib xususiyati — istalgan kishi Synth’larni kontragentga muhtoj bo‘lmasdan almashtira olishidir. Synthetix birjasida istalgan Synth’ni boshqasiga almashtirish mumkin va bu deyarli cheksiz likvidlikni ta’minlaydi. Synthetix ekotizimi hatto treyderlarni uning turli tarkibiy qismlaridan foydalanish uchun kapital bilan ta’minlab, mukofotlashi mumkin.
Tizimda ikki turdagi token ishlatiladi: Synthetix Network Token (SNX) va Synthetix aktivlari, ya’ni Synth’lar. Synthetix Network Token (SNX) — Synthetix platformasini quvvatlovchi Ethereum tokeni. Bu ERC-20 tokeni, ya’ni smart-kontraktlar yordamida ishlaydi. Platformaning murakkabligi Ethereum tarmog‘ining qudratidan dalolat beradi.
Bu qanday ishlaydi?
Synth’lar o‘zida aks ettirilgan aktivlar narxini kuzatish uchun smart-kontraktlarga asoslangan narxni aniqlash protokollaridan foydalanadi. Bu sizga Synth’larni go‘yo asosiy aktivlarga egalik qilgandek saqlash va almashtirish imkonini beradi. Shu tariqa, markazlashmagan, ruxsatsiz va senzura ta’siriga chidamli usulda turli kripto va kripto bo‘lmagan aktivlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Natijada, ushbu aktivlarning hech biriga egalik qilmasangiz ham, DeFi ekotizimida ishtirok etishingiz mumkin.
Synthetix va derivativlar yetuk bozorlarni yaratishda muhim ahamiyatga ega. Masalan, ular narxni aniqlashga yordam berib va o‘zgaruvchanlikdan himoyalanish imkonini yaratib, muvozanatga erishgan bozorlarni shakllantiradi.
Synthetix o‘zini “cheksiz likvidlik”ka ega birja sifatida taqdim etadi, chunki unda an’anaviy ma’noda buyurtmalar kitobi yoki sirpanish yo‘q. Narx markazlashgan limitli buyurtmalar kitobidan (CLOB) ko‘ra avtomatlashtirilgan market-meyker (AMM) mexanizmiga o‘xshash algoritm orqali belgilanadi.
Mohiyatan, Synthetix’da savdo qilganingizda, biror shaxs yoki market-meyker bilan savdo qilmaysiz. Buning o‘rniga, qarzlar jamg‘armasidagi qarzingizning bir qismini qaytarasiz va boshqa Synth’da xuddi shuncha miqdorda qarz olasiz. Synth’lar Ethereum’da chiqarilgani uchun ularni Curve va Uniswap kabi boshqa DeFi platformalariga kiritib, likvidlik ta’minlash va foiz daromadi olish uchun ishlatishingiz mumkin.
Xulosa
Synthetix — mavjud DeFi loyihalari ichida eng qadimiylaridan biri bo‘lib, markazlashmagan boshqaruvning a’lo darajadagi tuzilmasiga ega. Shuningdek, u hozirgacha Ethereum’da yaratilgan eng murakkab va foydali protokollardan birini taqdim etgan. U butun dunyo bo‘ylab foydalanuvchilarga Synthetix aktivlarini taklif qilib, maxsus savdo strategiyalaridan foydalanish imkonini beradi. An’anaviy moliya bozorlarining ko‘lamini hisobga olsak, Ethereum blokcheynida haqiqiy dunyo aktivlarining raqamlashtirilgan, tokenlashtirilgan ulkan bozorini yaratish salohiyatiga ega.