Bugungi kunda go‘yo hamma va hatto ularning uy hayvonlari ham «web3 eksperti»ga o‘xshaydi. Ekspert bo‘lish nimani anglatadi va nimalarga quloq tutish, nimalarga esa e’tibor bermaslik kerakligini qanday aniqlash mumkin?

Nikosia universitetida blokcheyn va raqamli valyutalar iqtisodiyotidan dars berib, uni o‘rganganim davomida talabalar tokenlar nima ekanligi, biznes va token iqtisodiyoti qanday ishlashi haqida ko‘pincha muayyan qarashlarga ega ekanini angladim. Yangi texnologiya paydo bo‘lishi bilan odamlar uning ortidan ergashib, yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalanishga shoshilishadi. Ammo token iqtisodiyoti sohasida asosli fikr bildirish va ishonchli loyihalar yaratish uchun odamlar mikroiqtisodiyot va makroiqtisodiyot asoslarini puxta bilishlari kerak.

O‘zini “mutaxassis” deb ataydigan ko‘plab kishilar nazariy jihatdan ma’qul va hatto mantiqli tuyuladigan, ammo amalda samara bermaydigan maslahatlar berishadi. Xulosa qilib aytganda, tokenomik rag‘batlarni loyihalashda quyidagi savollarga beriladigan javoblar muhim:

  1. Iqtisodiy strategiyani takror qo‘llash mumkinmi? (Ya’ni, tasodifan bir marta ish bergan strategiyani shunchaki amalga oshirishni istamaysiz — strategiya nima sababdan va qanday ishlaganini tushunib, undan saboq olib, uni kengroq miqyosda qo‘llashni xohlaysiz.)

  2. Tokeningiz uchun strategiyani qachon va qanday joriy etishni, shuningdek, bundan kutiladigan qiymatni aniqlashning yo‘li bormi? (Ya’ni, turli yondashuvlarning afzalliklari va kamchiliklarini taqqoslay olishingiz uchun strategiya bilan bog‘liq muayyan xarajatlar va foydalarni tushunishingiz kerak.)

  3. Strategiyani tasdiqlovchi, u haqida ishonchliroq gapirishingizga yordam beradigan tadqiqotlar bormi? (Ya’ni, yaxshi tuyuladigan, ammo uni asoslaydigan tadqiqot va dalillarga ega bo‘lmagan strategiyani qo‘llab-quvvatlashga harakat qilsangiz, hamfikrlar koalitsiyasini tuzish siz uchun juda qiyin bo‘ladi!)

Tokenomikadagi afsonalardan biriga yaxshi misol — deflyatsion tangalar doim yaxshiroq degan qarash. (“Deflyatsion” degani tokenlar taklifi muttasil kamayib borishini anglatadi; nazariy jihatdan bu qolgan har bir tokenning xarid qobiliyati va qiymatini oshiradi. “Inflyatsion” esa buning aksi: taklif muttasil oshib boradi va nazariy jihatdan har bir tokenning qiymatini pasaytiradi.)

Aslida, tokenning inflyatsion yoki deflyatsion ekani ikkinchi darajali masala — ya’ni, bu ayrimlar o‘ylaganchalik muhim emas. Darhaqiqat, token narxi taklifga mos ravishda o‘zgarishi mumkin, har bir tokenni istalgan darajada mayda ulushlarga bo‘lish mumkin. Shu sababli, agar token oxirgi foydalanuvchilarga qiymat bermasa, taklifning qat’iy belgilangan bo‘lishi ahamiyatsiz!

Nimaga sarmoya kiritish yoki loyihani qanday ishga tushirish haqida maslahat eshitsangiz, shu muhim savollarni berishni unutmang!