#bearorbull #crypto2023 #BNBbearorbull

SIMBA Chain ma’lumotlariga ko‘ra, sarmoya bir nechta davlat tashkilotlari foydalanadigan blokcheyn ilovalarini ishlab chiqishga yo‘naltiriladi.

Blokcheyn yechimlari yetkazib beruvchi SIMBA Chain AQSh Harbiy-havo kuchlarining (USAF) 30 million dollarlik Strategik texnologiyalarga e’tibor tashabbusi (STRATFI) uchun tanlab olindi. Tashabbus AQSh Harbiy-havo kuchlarining kelajakdagi ustunligini ta’minlashi mumkin bo‘lgan texnologiyalarni aniqlash va rivojlantirishga qaratilgan.

E’longa ko‘ra, sarmoya ta’minot zanjirini boshqarishda qo‘llanadigan blokcheyn ilovalarini hamda Mudofaa vazirining tadqiqot va muhandislik bo‘yicha o‘rinbosari devoni, USAF, AQSh Harbiy-dengiz kuchlari, AQSh Quruqlikdagi qo‘shinlari va Mudofaa logistika agentligi kabi bir nechta davlat tashkilotlari foydalanadigan dasturlarni ishlab chiqishga yo‘naltiriladi.

SIMBA Chain Mudofaa vazirligi bilan uzoq yillardan beri hamkorlik qilib keladi va AQSh Harbiy-havo kuchlarining muhim faoliyatini yaxshilash uchun turli blokcheyn ilovalarini ishlab chiqqan. Masalan, havo kuchlari bo‘linmasi uchun zarur qismlarni hisobga olish va kuzatishni yaxshilash maqsadida byudjetni tokenlashtirgan. STRATFI tashabbusi SIMBA’ning AQSh Harbiy-havo kuchlarining strategik vazifasini qo‘llab-quvvatlovchi SIMBA Blocks blokcheyn platformasini ishlab chiqishni jadallashtiradi.

SIMBA Chain bosh direktori Bryan Ritchiening fikricha, STRATFI tashabbusi blokcheyn texnologiyasiga bo‘lgan kuchli talabdan dalolat beradi va tijorat sohasida undan foydalanishni kengaytirish imkoniyatini yaratadi. U shunday dedi: “Mudofaa vazirligi ta’minot zanjirining o‘zaro chambarchas bog‘liqligini hisobga olsak, bu tijorat sohasida hamkorlik qilish va texnologiyadan foydalanishni kengaytirish imkoniyatidan ham darak beradi.”

#bearorbull #crypto2023 #BNBbearorbull