Blokcheyn nafaqat moliyaviy tizimlarni tubdan o‘zgartirdi, balki blokcheynga qiziquvchilar uchun istiqbolli kasbiy imkoniyatlarni ham yaratdi. Blokcheyn va web3 sohalarida masofaviy ishlarning ko‘payishi, ayniqsa daromadi pastroq mamlakatlardagi insonlar uchun moliyaviy inklyuziyaning kengayishiga sezilarli hissa qo‘shdi. Bunga kuchliroq valyutalarda to‘lov olish imkoniyati sabab bo‘lmoqda: bu ularga daromadlarini mahalliy valyutaga almashtirganda ko‘proq foyda olish imkonini beradi.
Avvallari kriptovalyuta olami ko‘proq erkaklar sohasi edi: blokcheyn olamida ayollar kam edi, texnik ko‘nikmalarga ega bo‘lib, kripto/web3 sohasida ish topa oladigan ayollar esa bundan ham kamroq edi.
Bugungi kunda blokcheyn olamida ayollarning ishtiroki sezilarli darajada oshganiga guvoh bo‘ldik.
Ayrim ayollar loyihalar va hamjamiyatlar yaratish, shuningdek, yangi odamlarni, ayniqsa o‘z jinsdoshlarini jalb qilish borasida katta sa’y-harakat ko‘rsatishdi.
Blokcheyn sohasidagi ish o‘rinlarining bugungi holati har ikki jins vakillariga teng imkoniyatlar yaratadi. Erkak va ayol dasturchilar, hamjamiyat menejerlari, mahsulot menejerlari, brend vakillari va boshqalar bor. Teng imkoniyatlarning mavjudligi ommalashuvga ham yo‘l ochdi.
Bundan tashqari, ayollar uchun maxsus imtiyozlar ham mavjud, masalan, texnologik ko‘nikmalarni bepul o‘rganish dasturlari. Bu dasturlar ayollarni web3 ekotizimiga faol hissa qo‘shishga undash va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Tabiiyki, kerakli ko‘nikmalarga ega ayollarning har ikki jins vakillari uchun ochiq ish o‘rinlariga joylashish imkoniyati juda yuqori. Marketing kabi ayrim lavozimlarda esa ayollar qulayroq va ishonchliroq muhit yarata olishi sababli ularga ustunlik beriladi, ayniqsa kiberjinoyatchilik sohasida erkaklar ko‘pchilikni tashkil etishini hisobga olganda.
Aksariyat ishga yollash menejerlari, ayniqsa erkaklar, ayol nomzodlarga ko‘proq e’tibor berishadi. Agar ayol dasturchi nomzod zarur ko‘nikma va tajribaga ega bo‘lsa, uning dasturchi sifatida ishga joylashish imkoniyati erkak nomzodnikidan yuqoriroq.
Buning sababi — ayollarni Web3 va blokcheyn sohalariga jalb etish borasida sa’y-harakatlar qilinmoqda.
Bu ayollar endi Web3 sohasidagi ish o‘rinlariga ega bo‘lishda ustunlikka ega degani emas. Bu faqat ayollarni o‘z qobig‘idan chiqib, Web3 va blokcheyn bilan bog‘liq ish o‘rinlari uchun erkaklar bilan raqobatlashishga undash yo‘lida sa’y-harakatlar qilinayotganini ko‘rsatadi.
Shunday ekan, men barcha ayollarni o‘zlariga ma’qul bo‘lgan istalgan texnologik ko‘nikmani egallashga chaqiraman. Tushkunlikka tushmang yoki web3 va blokcheyn faqat yigitlar uchun, deb o‘ylamang. Web3 va blokcheynning bu innovatsion olami barchaga tegishli.
Shunchaki kerakli ko‘nikma va tajribani egallang — orzuingizdagi ishga erishasiz.