ChatGPT kriptovalyuta olamida shov-shuvga sabab bo‘lmoqda. Twitter’da ushbu sun’iy intellekt (SI) haqidagi suhbatlarda u taqdim etadigan imkoniyatlar, jumladan, yanada yirik va takomillashgan protokollarni ishlab chiqish vositasi bo‘lishi haqida so‘z yuritilmoqda.
Bundan tashqari, ayrimlar kriptovalyutalar bilan savdo qilishda ChatGPT’dan allaqachon foydalanmoqda. Ular platforma yordamida real vaqt rejimidagi narxlar va bozor ma’lumotlariga asoslanib qaror qabul qilmoqda.
ChatGPT treyderlar va investorlarga bitcoin va boshqa kriptovalyutalar narxidagi o‘zgarishlardan to‘liq foydalanish imkonini beradi.
Ushbu ilova chat interfeysi orqali GPT-3 sun’iy intellekti bilan muloqot qilish imkonini beradi. Ya’ni, sun’iy intellektga savollar berishingiz yoki ma’lumot taqdim etishingiz va real vaqt rejimida javoblar yoki natijalar olishingiz mumkin.
Ammo bu sun’iy intellekt kriptovalyuta ekotizimi uchun nimalar qila oladi?
ChatGPT va kriptovalyuta savdosi
Twitter’dagi bir foydalanuvchi ChatGPT yordamida TradingView moliyaviy dasturida ishlatiladigan Pine Script dasturlash tilida oddiy savdo botini qanday yaratganini ko‘rsatdi.
Boshqa bir foydalanuvchi sun’iy intellektga birja ilova dasturlash interfeysi (API) orqali Binance’dagi BTC/USDT (bitcoin/tether) savdo juftligi bo‘yicha joriy buyurtmalarni ko‘rsata oladigan savdo terminalini ChatGPT skript kodi yordamida yaratishni topshirdi.
Bundan tashqari, to‘g‘ri ko‘rsatmalar yordamida ChatGPT kriptovalyuta samaradorligini munosib tahlil qilishi mumkin. Bunga bozor kapitallashuvi, investorlar ishonchi va narxlar kabi muhim ko‘rsatkichlar kiradi.
Bu ma’lumotlar kriptovalyutaga sarmoya kiritish yoki kiritmaslik haqida puxtaroq qaror qabul qilishingizga yordam beradi.
ChatGPT, shuningdek, investitsiya maqsadlaringiz, portfelingiz va tavakkalchilik darajangizga asoslanib, qat’iy savdo yoki bitimlar tuzishga hamda investitsiya imkoniyatlaridan shaxsiylashtirilgan tarzda foydalanishga yordam beradi.
Aqlli shartnomalar yaratish
ChatGPT’ni ishlab chiquvchilarning o‘zlari sun’iy intellekt aqlli shartnomalar yaratuvchilari uchun foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan kelajakni tasavvur qilishmoqda.
“Aqlli shartnomalarni sun’iy intellekt bilan birlashtirish yanada murakkab va moslashuvchan shartnomaviy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Masalan, aqlli shartnomalar + sun’iy intellekt muayyan shartlar bajarilganda to‘lov shartlarini avtomatik ravishda qo‘llash yoki mablag‘larni chiqarish uchun ishlatilishi mumkin”, deb yozdi ChatGPT dasturchisi Isaac Py Twitter’da.
Dasturchining qo‘shimcha qilishicha, sun’iy intellekt tizimi shartnomaning ehtimoliy xatarlari va afzalliklarini baholab, kelishuvni optimallashtirish uchun o‘zgartirishlar taklif qilishi mumkin.
“Aqlli shartnomalar va sun’iy intellekt inson aralashuvini talab qilmaydigan, o‘z-o‘zidan bajariladigan va ijro etiladigan shartnomalarni yaratish imkonini ham beradi”, dedi u.
Ya’ni, ChatGPT markazlashmagan avtonom tashkilot (DAO) rivojiga hissa qo‘shishi mumkin. Bunday tashkiliy tuzilmada nazorat biror shaxs yoki kompaniya qo‘lida bo‘lmaydi.
DAO’lar blokcheyndagi aqlli shartnomalardan foydalanadi, ishtirokchilar esa taklif etilgan harakatlar bo‘yicha ovoz berish uchun boshqaruv tokenlaridan foydalanadilar.
Bu markazlashmagan tashkilotlar markazlashgan hokimiyat yoki strategik rejalashtirishsiz faoliyat yurita oladi, bu esa ularga aqlli shartnomalari asosida qaror qabul qilish va faoliyatni amalga oshirish imkonini beradi.
Shu ma’noda, ChatGPT aqlli shartnomalarni tuzish va boshqarish orqali tashkilot ichida shaffoflik va ishonchni qaror toptirishga yordam berishi mumkin, chunki DAO amalga oshiradigan barcha harakatlar ushbu shartnomalarning qat’iy qoidalari bilan nazorat qilinadi.
Xavfsizlik masalasi-chi?
Aqlli shartnomalarni tekshiruvchi HashEx kompaniyasi bosh direktori Dmitry Mishunin ChatGPT aqlli shartnomalar xavfsizligiga ta’sir qiladi, deb hisoblaydi.
Cointelegraph’ga bergan intervyusida ekspert shunday dedi: “Sun’iy intellekt algoritmlari ma’lum bir sohaga shu qadar chuqur singib ketishi mumkinki, ular amalga oshirilishi tekshiruvdan o‘tmagan aqlli shartnomalarga ruxsat berishni shunchaki to‘xtatadi.”
Uning fikricha, bu hujumlar sonini sezilarli darajada kamaytiradi va butun sohaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ayni paytda, Naoris Protocol kiberxavfsizlik kompaniyasining hammuassisi Monica Oravcova sun’iy intellekt aqlli shartnomalardagi bartaraf etilishi kerak bo‘lgan zaifliklarni aniqlashini aytdi. U “insonlar nimani yaxshilashi kerakligini ko‘rsatib beradi”.
“Sun’iy intellekt inson emas. Unda faqat insonlargina ko‘ra oladigan asosiy qarashlar, tushunchalar va nozik jihatlar bo‘lmaydi. Bu insonlar kodlashda yo‘l qo‘ygan xatolar sabab yuzaga kelgan zaifliklarni bartaraf etishga yordam beradigan vosita”, dedi u.
ChatGPT kriptovalyutalar bo‘yicha o‘qituvchi sifatida
ChatGPT kabi sun’iy intellekt tizimlari foydalanuvchilarga o‘rganmoqchi bo‘lgan mavzular, jumladan kriptovalyutalar haqida ma’lumot berish va yordam ko‘rsatishda foydalidir.
Albatta, foydalanuvchilarni kriptovalyuta sohasi bilan tanishtirishga qaratilgan ko‘plab onlayn manbalar (bloglar, videolar, kurslar, o‘yinlar) mavjud.
Biroq muammo shundaki, Google qidiruv tizimi taklif qiladigan minglab variantlarni, jumladan yangi boshlovchilarni firibgarlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan chalg‘ituvchi reklamalarni saralab o‘tirmasdan, bu manbalarni tezda qanday topish mumkin?
Qisqasi, Google — bu, mohiyatan, raqamli kutubxonachi. U savolingizga qanday javob berishni aniq bilmaydi, faqat foydali deb topgan manbalarga yo‘naltira oladi.
Boshqa tomondan, ChatGPT shunchaki kontentni indekslovchi emas, balki original kontent yaratuvchisidir.
Bu vosita “Bitcoin nima?” yoki “Blokcheyn nima va u qanday ishlaydi?” kabi oddiy savollarga sodda va tushunarli javob bera oladi.
Buning sababi shuki, ChatGPT original kontent yaratuvchisi sifatida har bir savolga javob berishda oldindan belgilangan qoliplarga tayanmaydi, balki muayyan vaziyatga qarab turlicha javob beradi.
Bu esa uni Bitcoin va boshqa kriptovalyutalar bilan endigina tanishayotganlar uchun o‘ziga xos va samarali qo‘llanmaga aylantiradi.