
Santiment on-chain tahlil platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda olomonning kriptovalyutalarga munosabati turlicha: ayrim tokenlar o‘ta ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otayotgan bo‘lsa, boshqalari buning mutlaqo aksini ko‘rsatmoqda. Xususan, kripto bozori ishtirokchilari XRP’ga nisbatan eng kuchli ijobiy kayfiyatda; hatto umumiy vaznlangan sentiment bo‘yicha u Ethereum (ETH)dan ham o‘zib ketdi.
Kriptovalyutani qimmatli qog‘oz sifatida tan oldirish uchun ikki yildan beri urinayotgan AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasining da’volari ham olomonning XRP’ga bo‘lgan ishtiyoqini so‘ndira olmadi.
Eslatib o‘tamiz, XRP’dan transchegaraviy tranzaksiyalarida foydalanadigan Ripple kripto kompaniyasi va SEC o‘rtasidagi sud jarayoni ko‘plab ishtirokchilarning fikricha, 2023-yilning birinchi yarmida uch variantdan biri bilan yakunlanishi kutilmoqda: sud qarori, kelishuv yoki soddalashtirilgan tartibdagi sud qarori.
Shu bilan birga, XRP narxining o‘zgarishi unchalik hayajonlanishga arzimaydi. So‘nggi uch hafta davomida XRP narxi sekin, ammo izchil pasayib bordi va bir payt token boshiga 0,3 dollargacha tushdi — bu narx 2022-yil yozining boshlarida kuzatilgan edi.