DeFi xavfsizligi
Oktyabr oyida BNB Cross Chain Bridge, OmniX NFT Platform va Team Finance kabi taniqli protokollar xakerlar hujumiga uchragani sababli blokcheyndagi aktivlar xavfsizligi yana katta e’tiborga sazovor bo‘ldi. Kriptodunyoda tinimsiz xakerlik hujumlari allaqachon odatiy holga aylanganga o‘xshaydi.
Shu yil boshida Chainalysis blokcheyndagi jinoyatlar haqida tadqiqot hisobotini e’lon qilib, kripto protokollari raqamli o‘g‘rilar uchun yangi maydonga aylanganini ko‘rsatdi. O‘tgan yili kripto bozoridan 3,2 milliard dollarlik kriptovalyuta o‘g‘irlandi va bu zarar, nomutanosib ravishda, DeFi sohasiga to‘g‘ri keldi. 2022-yilning birinchi choragida o‘g‘irlangan barcha kriptovalyutalarning qariyb 97 foizi DeFi protokollaridan olingan.

Koddagi zaifliklardan foydalanish DeFi protokollariga uyushtiriladigan hujumlarning eng keng tarqalgan usuliga aylanmoqda, Flash Loan hujumlari esa asta-sekin kamaymoqda. Hozir xakerlar ko‘proq jabrlanuvchilarning maxfiy kalitlariga ega bo‘lishga yoki protokollardagi nuqsonli kodlardan foydalanib token narxlarini o‘zgartirishga urinmoqda.

Hozirgi DeFi bozorida zanjirdagi xavfsizlik xizmatlari asosan protokollarga audit va monitoring xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan. Certik, Hacken va Slowmist kabi tashkilotlar sanoat standartlarini shakllantirib, foydalanuvchilarning muayyan darajada ishonchini qozongan. Biroq asosiy tarmoqqa chiqarilishidan oldin aksariyat aqlli shartnomalar auditdan o‘tkazilgan bo‘lsa ham, o‘tgan yili koddagi zaifliklardan foydalanilgan holatlarning qariyb 30 foizi auditi o‘tkazilgan aqlli shartnomalarga ega platformalarda sodir bo‘ldi. Audit xizmati nuqsonli kod sababli yuzaga keladigan hujumlarning aksariyatini, ammo barchasini emas, oldini olishi mumkin. Foydalanuvchilar mablag‘lari xavfsizligini himoya qilish uchun yanada mustahkam yondashuv zarur.
Kripto bozorida protokol hujumga uchraganidan keyin aktivlarni himoya qilish bo‘yicha standartlashtirilgan risklarni nazorat qilish jarayoni yetishmaydi. Hujumga uchragan ko‘plab protokollar yo‘qotilgan mablag‘larni kuzatish va qaytarishda markazlashgan birjalar hamda steyblkoin emitentlarining yordamiga tayanadi. Loyihalarning amaliy imkoniyatlari turlicha ekani zanjirdagi aktivlar xavfsizligini yanada yomonlashtiradi.
Hujumdan keyingi xizmatlar uchun sanoat standarti ishlab chiqilishi kerak. Bu zanjirdagi aktivlarning operatsion xatarlarini sezilarli darajada kamaytiradigan va protokollarni har tomonlama himoya qiladigan standartlashtirilgan tiklash jarayonini ta’minlaydi.
An’anaviy moliyada kompaniya mulki tijoriy sug‘urta sotib olish orqali himoyalanadi, ammo zanjirdagi mulk uchun tijoriy sug‘urta hali rivojlanmagan. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlar kriptoaktivlarning 3 foizidan kamrog‘i sug‘urtalanganini, zanjirdagi sug‘urta protokollarining joriy TVL ko‘rsatkichi esa atigi 275,55 mln dollar ekanini ko‘rsatdi.

Markazlashgan kripto sug‘urtasi
Goldman Sachs shu yilning iyun oyida sug‘urta sohasidagi 328 nafar global investitsiyalar bo‘yicha direktor va moliyaviy direktorning aktivlarni taqsimlash qarorlariga oid fikrlarini qamrab olgan Sug‘urta bo‘yicha o‘n birinchi yillik so‘rovnomasini e’lon qildi. Portfelni shakllantirishda sug‘urtalovchilarning 6 foizi kriptovalyutalarni birinchi tanlovi sifatida qayd etdi. Aksariyat an’anaviy sug‘urta kompaniyalari kriptovalyutalarga ega emasligini aytsa-da, ularning kripto bozorining rivojlanishiga katta qiziqish bildirgani shubhasiz.

2017-yilda tashkil etilgan kriptovalyuta sug‘urtasi sohasidagi yetakchi kompaniya Evertas shu yil boshida London Lloyd’s kompaniyasidan litsenziya oldi. Bu an’anaviy sug‘urta kompaniyalarining kripto bozori bilan hamkorligi kengayayotganini va kripto sug‘urta sohasi muvofiqlik talablariga moslashish yo‘lida sa’y-harakat qilayotganini anglatadi.
Evertas konchilik mulkini himoya qilish kabi odatiy tijoriy sug‘urtani qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda, zanjirdagi protokollar uchun DeFi aqlli shartnomalarini sug‘urtalash xizmatini ham yo‘lga qo‘ydi. Bu sug‘urta nosoz ishlayotgan aqlli shartnomalar va ular bilan bog‘liq aktivlar yo‘qotilishini qoplaydi. Xavfsizlik buzilishi holatlarida esa maxfiy kalit yo‘qolishi va o‘g‘irlanishini ham qamrab oladi. Evertas xizmat ko‘rsatish hududini muntazam kengaytirib, endilikda Buyuk Britaniya, Avstraliya va Gonkongdagi foydalanuvchilarga kripto sug‘urtasini taqdim eta oladi.
Biroq yirik sug‘urta muassasalari yetishmagani sababli markazlashgan kripto sug‘urta sohasi hali rivojlanishning juda dastlabki bosqichida va 2021-yilda yuz bergan qariyb 4 mlrd dollarlik kriptovalyuta yo‘qotishlarining juda kichik qisminigina qoplay oladi.
Markazlashmagan kripto sug‘urtasi
Markazlashmagan kripto sug‘urta protokollari o‘z xizmatlarining shaffofligi va samaradorligini oshirish uchun an’anaviy sug‘urta mahsulotlarini blokcheyn texnologiyasi va DAO g‘oyalari bilan uyg‘unlashtirmoqda.
Nexus Mutual
Nexus Mutual hozirgi kripto bozoridagi eng samarali DeFi sug‘urta protokoli bo‘lib, zanjirdagi butun sug‘urta sohasining 67 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. An’anaviy moliyadagi tijoriy sug‘urtadan farqli o‘laroq, uning mexanizmi 1752-yilda Benjamin Franklin Filadelfiyada yong‘in oqibatidagi zararlardan uylarni sug‘urtalash uchun Philadelphia Contributionship kompaniyasini tashkil etgan davrda paydo bo‘lgan o‘zaro sug‘urtaning eski modeliga ko‘proq o‘xshaydi. O‘zaro sug‘urta kompaniyasi sug‘urta polisi egalariga tegishli bo‘ladi. Olingan foyda kompaniyada qoldiriladi yoki dividendlar yoxud kelgusi sug‘urta mukofotlarini kamaytirish shaklida polis egalariga qaytariladi.
Nexus Mutual hozirda sug‘urtaning uch turini taklif qiladi
Daromad keltiruvchi tokenlarni sug‘urtalash: daromad keltiruvchi tokenlarning bog‘langan qiymatini yo‘qotishidan himoya qiladi
Protokol sug‘urtasi: muayyan protokolga qilingan xakerlik hujumidan himoya qiladi
Kastodiya sug‘urtasi: markazlashgan birjalarda saqlanayotgan mablag‘laringiz bo‘yicha pul yechish to‘xtatilishi va mablag‘ning bir qismi ushlab qolinishi holatlaridan himoya qiladi.
Nexus Mutual sug‘urta mukofotlari investorlar badal qo‘shadigan jamg‘arma pulidan shakllanadi. Investorlar xavfsiz deb bilgan yoki sug‘urta xarajatini ko‘tarishga tayyor bo‘lgan jamg‘arma pullariga $NXM kiritadi va buning evaziga tegishli daromad oladi. Agar hamjamiyat tomonidan da’vo kiritilib, tasdiqlansa, tegishli jamg‘arma pulidagi mablag‘ da’vo egasiga $ETH/$DAI shaklida beriladi, $NXM esa yo‘q qilinadi.
Nexus Mutual mexanizmi dizaynida mashhur likvidlik jamg‘armasi modeli ham qo‘llanilgan: investorlar $ETH’ni protokolga berib, evaziga $NXM oladi. DEX’lardagi LP tokenlariga o‘xshash $NXM investorlar taqdim etgan likvidlik ulushini ifodalaydi va daromad olish huquqini ham beradi.
Tokenomikasi yoki token qiymatini o‘zlashtirish uchun $NXM quyidagi formuladan foydalanadi.

Birinchidan, $ETH’da ifodalangani sababli, $NXM egalari tabiiy ravishda $ETH narxining o‘zgarishlariga duch keladi. Yuqoridagi formuladan ko‘rinib turibdiki, $NXM narxiga asosan talab qilinadigan eng kam kapital miqdori (MCR) va uning jamg‘armadagi jami mablag‘ga nisbati ta’sir qiladi. MCR asosiy sug‘urta mahsulotining ommabopligini, ya’ni talabni ifodalaydi va uzoq muddatda token narxini qo‘llab-quvvatlaydi. Boshqa tomondan, bu nisbatdagi o‘zgarishlar qisqa muddatda $NXM narxiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, da’vo to‘langandan keyin MCR o‘zgarishsiz qoladi, MCR% ning tez o‘sishi esa $NXM narxini tez ko‘taradi.
Yuqorida keltirilgan mexanizmlardan ko‘rinib turibdiki, markazlashmagan sug‘urta protokollari an’anaviy tijoriy sug‘urtaga nisbatan adolatni oshirish va ishqalanish xarajatlarini kamaytirish uchun blokcheyn texnologiyasidan foydalanadi. Nexus Mutual’ning raqobatchisi InsurAce, Nexus Mutual’ga juda o‘xshash tizimga ega bo‘lib, avvalgi Terra qulashidan zarar ko‘rgan 155 kishiga bir oydan kam vaqt ichida jami 11,7 mln dollar to‘lab berdi. Sug‘urta jarayoni yanada demokratik va shaffof bo‘lgani sababli, markazlashmagan sug‘urta protokollari kripto sohasiga xos investorlarning ishonchini ko‘proq qozonishi mumkin.
Joriy muammolar va istiqbollar
Markazlashmagan kripto sug‘urta protokollari va markazlashgan kripto sug‘urta kompaniyalari zanjirdagi aktivlarni himoya qilish borasida turli yo‘llarni tanlagan.
Zanjirdagi kripto sug‘urta protokollari DeFi bozorining jadal rivojlanishiga moslashish va mijozlarning turli ehtiyojlarini qondirish uchun qamrovini kengaytirishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Markazlashgan kripto sug‘urta kompaniyalari esa an’anaviy sug‘urta muassasalari bilan hamkorlik qilishga hamda dunyo bo‘ylab tartibga solish talablariga rioya etishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
Kripto sug‘urtasining kelajagi qanday bo‘lishini hozircha aytish qiyin, ammo markazlashmagan kripto sug‘urtasining amaldagi biznes modeli bir qator muammolarga duch kelmoqda. Birinchidan, o‘zaro sug‘urta modeli zanjirdagi kripto sug‘urta protokollarida keng qo‘llanayotgan bo‘lsa-da, foydalanuvchilar mablag‘larini jalb qiladigan asosiy omil baribir yuqori daromadlilikdir. Kripto bozorida chayqovchilar ko‘p bo‘lgani sababli sug‘urta mukofotlari manbai beqaror. Barqaror sug‘urta mukofotlari va foiz stavkalarini keltirib chiqaradigan mexanizm yo‘qligi esa markazlashmagan kripto sug‘urta biznesining rivojlanishiga to‘sqinlik qiladigan jiddiy muammo bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, KYC talablarining kuchayishi ham muammo hisoblanadi. Hozircha murakkab KYC jarayonlari zanjirdagi sug‘urta protokollarining markazlashmaganligini susaytirib, investorlar sonini cheklamoqda. Muvofiqlik kriptoaktivlarning ommalashuviga yordam berishini ta’kidlash lozim, biroq bu investorlarni KYC ma’lumotlari xavfsizligi borasida xavotirga ham soladi. Ijobiy tomoni shundaki, markazlashgan kripto sug‘urta kompaniyalarining an’anaviy sug‘urta muassasalari bilan hamkorligi xodimlar va mijozlarni xabardor qilishga yordam beradi va bu kripto sohasiga ko‘proq investorlarni jalb qilishi mumkin.
Hozircha kripto sug‘urta sohasi faqat zanjirdagi xavfsizlik xatarlarini qamrab oladi. Boshqaruvga qaratilgan hujumlar kabi yangi xatarlarga qarshi tegishli choralar hali mavjud emas. Biroq bu hali o‘zlashtirilmagan ulkan imkoniyatlar makonida yaqin kelajakda kripto sug‘urtasining boshqa imkoniyatlarini o‘rganadigan loyihalar paydo bo‘lishiga ishonaman.
🐦 @Soxpt50
📅 2022-yil 17-noyabr
Ogohlantirish: Ushbu tadqiqot faqat ma’lumot berish maqsadida taqdim etilgan. U investitsiya bo‘yicha maslahat yoki biror investitsiyani sotib olish yoxud sotish tavsiyasi hisoblanmaydi va investitsiya qarorining afzalliklarini baholashda foydalanilmasligi kerak.
Havolalar:
[1]https://nexusmutual.io/assets/docs/nmx_white_paperv2_3.pdf
[2]https://www.gsam.com/content/gsam/us/en/institutions/market-insights/gsam-insights/2022/Insurance_Survey_2022.html
[3]https://go.chainalysis.com/2022-Crypto-Crime-Report.html