
Bugun, #KryptoSecure’ning 21-kunida hamyoningizdagi tranzaksiya tasdiqlarini ko‘rib chiqish va bekor qilish haqida bilib olasiz.
Ko‘rib chiqish — biror narsani o‘zgartirish yoki u haqida qaror qabul qilish maqsadida tekshirish demak.
Bekor qilish — tasdiq/ruxsatni bekor qilish demak. Shunda dapp hamyoningizdagi ma’lumotlarga kira olmaydi va ularni ko‘chira olmaydi.
Faol tasdiqlarni muntazam bekor qilib turish orqali tasdiqlardan foydalanib amalga oshiriladigan hujumlar qurboniga aylanish ehtimolini kamaytirasiz. Afsuski, bu o‘g‘irlangan mablag‘larni qaytarish uchun yordam bermaydi.
Shuningdek, ulanishni uzish va ruxsatni bekor qilish o‘rtasidagi farqni tushunishingiz kerak. DApp’dan uzilganingizda, hamyonning avtomatik kirish holatini o‘chirasiz, ammo bu DApp’ga berilgan ruxsat bekor qilinganini anglatmaydi.
DApp yoki sayt hamyoningizdagi tokenlardan cheklanmagan tarzda foydalanish huquqiga ega bo‘lsa, mablag‘laringizni uning platformasidan hamyoningizga qaytarib olganingizdan keyin ham barcha tokenlaringizni sarflashi mumkin. Yovuz niyatli shaxslar mablag‘laringizdan foydalanib, ularni qaytarib olish imkoniyatisiz o‘z hamyonlariga o‘tkazishlari mumkin.
Tranzaksiyalarni ko‘rib chiqish va tasdiqlarga berilgan ruxsatlarni bekor qilish nima uchun kerak
Shubhali sayt yoki dApp’da biror tranzaksiyani tasdiqlaganingizda.
Mablag‘laringiz o‘g‘irlanganida va maxfiy kalitingiz oshkor bo‘lmaganiga amin bo‘lganingizda.
Hamyoningizda muayyan token yoki NFT’ni cheklanmagan miqdorda sarflashga ruxsat berganingizda.
Oldini olish davolashdan afzal. Tranzaksiyalaringizni vaqti-vaqti bilan ko‘rib chiqib, shubhali ko‘ringanlariga berilgan ruxsatlarni bekor qilganingiz ma’qul.
Kriptoaktivlaringizga aqlli kontraktlar orqali kirish ruxsatini qanday bekor qilish mumkin
1-qadam: Ruxsatlarni bekor qilish vositalaridan foydalaning
Bir nechta sayt manzilingizga ulangan aqlli kontraktlarni ko‘rish va ularga berilgan ruxsatlarni bekor qilish imkonini beradi. Saytga kiring va hamyoningizni ulang:
Ethallowance (faqat Ethereum)
Etherscan (faqat Ethereum)
Revoke (bir nechta tarmoq)
Cointool (bir nechta tarmoq)
Unrekt (bir nechta tarmoq)
EverRevoke (bir nechta tarmoq)
2-qadam: Hamyoningizni ulang
Saytga kirganingizdan so‘ng, “Hamyonni ulash” tugmasini bosing. Sayt hamyoningizni ulashni so‘raydi.
Hamyoningizda va saytda bir xil tarmoq tanlanganiga ishonch hosil qiling. Siz faqat tanlangan tarmoqqa tegishli aqlli kontraktlarni ko‘rasiz. Masalan, Ethereum Mainnet’ga ulansangiz, faqat Ethereum kontraktlarini ko‘rasiz, Polygon kabi boshqa tarmoqlarning kontraktlarini emas.
3-qadam: Ruxsatini bekor qilmoqchi bo‘lgan aqlli kontraktni tanlang
Tokenlaringizdan foydalanishga ruxsat berilgan barcha kontraktlar va ular uchun belgilangan sarflash limitlarini ko‘rishingiz kerak. Ruxsatini bekor qilmoqchi bo‘lgan kontraktni toping.
Qaysi kontraktni tanlashni bilmasangiz, ularning barchasiga berilgan ruxsatlarni bekor qilishingiz mumkin. Bu hech qanday muammo tug‘dirmaydi, ammo keyingi safar ushbu kontraktlardan biri bilan ishlaganingizda yangi ruxsatlar berishingiz kerak bo‘ladi.
4-qadam: Mablag‘laringizga kirish ruxsatini bekor qiling
Bekor qilish tugmasini bosganingizdan so‘ng, hamyoningizda yangi tranzaksiya so‘rovi paydo bo‘lishi kerak. Bu kutilgan holat. Bekor qilish muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun komissiya to‘lashingiz kerak. Tarmoqqa qarab, tranzaksiya qayta ishlanishi bir daqiqadan bir necha daqiqagacha vaqt olishi mumkin.
Bir necha daqiqadan so‘ng ruxsatlarni bekor qilish saytini yangilab, hamyoningizni qayta ulang va ruxsati bekor qilingan kontrakt ro‘yxatdan yo‘qolganini tekshiring.
Loyihalarga tokenlaringizdan cheklanmagan tarzda foydalanishga hech qachon ruxsat bermaslikni va tokenlardan foydalanish uchun berilgan barcha ruxsatlarni muntazam bekor qilib turishni tavsiya qilaman.
Tokenlardan foydalanish ruxsatini bekor qilish mablag‘laringiz yo‘qolishiga olib kelmasligi kerak, ayniqsa yuqorida keltirilgan vositalardan foydalansangiz.
Ammo zarur bo‘lsa, baribir o‘zingiz ham izlaning (DYOR). Har qanday vositadan foydalanish yoki foydalanmaslikni o‘zingiz hal qilishingiz kerak, garchi men Etherscan va Revoke.cash’dan bir necha marta foydalangan bo‘lsam ham.$ETH $BTC $ARB