Rivojlanayotgan kripto yo‘nalishi sifatida DAO so‘nggi yillarda katta yutuqlarga erishdi va rivojlandi. Hozirgi kunga (2022-yil 21-iyun) kelib, deepdao.io ma’lumotlariga ko‘ra, 3 milliondan ortiq a’zosi bo‘lgan 1085 ta DAO mavjud. Ushbu tashkilotlarning ravnaq topishiga ko‘maklashish uchun jadal rivojlanayotgan DAO ekotizimini shakllantiruvchi sermahsul vositalar va infratuzilma majmuasi yaratildi. Bu loyihalar hamjamiyatlar yoki loyihalarga resurslarni birlashtirish va ilk DAO’larini ishga tushirish uchun turli shablonlar, freymvorklar va vositalarni taqdim etadi. Odatda ular markazlashmagan hamjamiyatlarning blokcheyndagi amaliyotlarini osonlashtiruvchi smart-kontraktlar va interfeyslarni taklif etadi, shu bois texnik ko‘nikmalari cheklangan har kim DAO’ni osonlik bilan ishga tushirishi mumkin.

Ushbu maqolada DAO infratuzilmasi va vositalarining eng muhim jihatlarini — g‘aznachilikni boshqarish, boshqaruv va ovoz berish, hissa va obro‘, kompensatsiyani ko‘rib chiqamiz.

G‘aznachilikni boshqarish

G‘aznachiliksiz DAO bo‘la olmaydi — u blokcheyn orqali kripto mablag‘larini yuborish va qabul qilishda foydalaniladigan umumiy hamyondir. DAO g‘aznachiligi tashkilot ichidagi harakatlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi: xaridlar qilish, mablag‘ yig‘ishni yo‘lga qo‘yish, token yoki NFT savdolarida qatnashish, hissa qo‘shganlarni mukofotlash va hokazo. Bundan tashqari, kripto g‘aznachiligi hamjamiyat faolligini rag‘batlantiruvchi eng asosiy steyking mexanizmidir.

Gnosis Safe

2016-yildan buyon blokcheynga asoslangan moliyaviy infratuzilma mahsulotlarini ishlab chiqib kelayotgan Gnosis Safe — mablag‘larni xavfsiz boshqarish standartini belgilovchi markazlashmagan aktivlarni boshqarish platformasi. U turli xil aktivlar va NFTlarni saqlay oladi.

Gnosis Safe DAOlar uchun sodda multisignature yechim izlayotganlar orasida birinchi tanlovga aylandi. U oflayn imzolar va apparat hamyonlarini qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, talab qilinadigan imzolar sonini sozlash imkonini beradi. Hozirda Gnosis Safe Ethereum, Polygon, BSC va Avalanche kabi bir nechta ommaviy blokcheynlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, Gnosis tranzaksiyalarni uzatish mexanizmi orqali Ethereum’da ether bilan bog‘liq bo‘lmagan tranzaksiyalarni ham amalga oshirish imkonini beradi.

Juicebox

Juicebox protokoli — dasturlashtiriladigan g‘aznachilik. Loyihalar undan mablag‘ kelib tushganda tokenlari qanday chiqarilishini hamda bu mablag‘lar qanday shartlarda oldindan dasturlangan manzillarga taqsimlanishi yoki hamjamiyat tomonidan qaytarib olinishi mumkinligini belgilash uchun foydalanadi. Moliyalashtirish davrlari davomida bu qoidalar o‘zgarishi mumkin. Shu tariqa, odamlar ochiq loyihalarni boshlashi va zaruratga qarab vaqt o‘tishi bilan ularga tuzilma, cheklovlar, qo‘shimcha imkoniyatlar hamda rag‘batlar qo‘shishi mumkin.

Juicebox loyihalar uchun to‘lov terminali va dasturlashtiriladigan g‘aznachilik vazifasini ham bajaradi. U DAOlarga kraudfanding, xodimlar maoshi va loyiha yopilgandagi avtomatik to‘lovlar kabi g‘aznachilik ishlarini boshqarish imkonini beradi. U do‘stlar guruhi foydalanishi uchun yetarlicha sodda, shu bilan birga minglab ETH, ERC20 tokenlari yoki boshqa aktivlarni bo‘lishadigan global tarmoq uchun ham yetarlicha qudratli.

Boshqaruv va ovoz berish

DAOlar qarorlari hamda mablag‘lari hamjamiyatga qanday kirib kelishi va undan qanday chiqib ketishi borasida shaffoflikni saqlashi kerak. Shu bois ko‘plab DAOlar demokratik qarorlar qabul qilish uchun ovoz berishdan foydalanadi. A’zolar hissa qo‘shish orqali DAOda ovoz berish huquqiga ega bo‘lishi va muayyan harakatlar bo‘yicha ovoz berib, o‘z fikrini bildirishi mumkin. Ovozlar ma’qullangach, ular avtomatik ravishda on-chain harakatga aylanadi va blokcheynda qayd etiladi. Masalan, g‘aznachilikdan tashqi tashkilotga mablag‘ o‘tkazish mumkin.

Snapshot

Snapshot — off-chain ishlaydigan, gaz to‘lovi talab qilmaydigan markazlashmagan boshqaruv va ovoz berish tizimi. U ovoz berishda ovoz kuchini hisoblash usulini moslashuvchan tarzda tanlash imkonini beradi. Snapshot tashkilotlar ehtiyojiga mos turli xil ovoz berish usullarini, jumladan, bitta variantni tanlash, ma’qullash orqali ovoz berish va kvadratik ovoz berishni qo‘llab-quvvatlaydi. Snapshot’da taklif yaratish va ovoz berish qulay, jarayon off-chain bajarilgani sababli gaz to‘lovi talab qilinmaydi. Bundan tashqari, takliflar va ovozlar IPFS’da imzo sifatida saqlanadi, loyiha yoki blokcheyn tarmoqlari bo‘yicha hech qanday cheklov yo‘q.

O‘tgan yil davomida Ethereum’dagi gaz to‘lovlarining yuqoriligi ushbu ekotizimda muammolarni keltirib chiqardi. Ovoz berish on-chain ijrodan asta-sekin ajralib borar ekan, Snapshot DAO boshqaruvida ommalashdi. Bugungi kunga qadar Snapshot 13 ta ommaviy blokcheyn va 4 000 dan ortiq loyihani qo‘llab-quvvatladi, bu raqamlar esa tez sur’atda o‘sishda davom etmoqda.

Tally

Tally — kripto protokollarini tahlil qilish va ular bo‘yicha ovoz berishga mo‘ljallangan kuchli platforma. Har kim hamyonini ulab, a’zo bo‘lgan barcha DAOlarni bir joyda ko‘rishi mumkin. Takliflar yaratish va yuborish juda oson. Tally Ethereum, Polygon va Avalanche’ni qo‘llab-quvvatlaydi. DAOlarida taklif yuborish va ular bo‘yicha ovoz berish jarayoni mavjud bo‘lsa, foydalanuvchilar Tally orqali takliflar yaratishi va qabul qilishi, vakolatni boshqalarga berishi hamda ovoz berishni yo‘lga qo‘yishi mumkin.

Ta’kidlash joiz yana bir jihat — Tally’ning SafeGuard funksiyasi token egalarining muayyan soniga multisignature orqali boshlangan tranzaksiyani bekor qilish yoki imzolovchining qarorini noto‘g‘ri yoxud adolatsiz deb hisoblagan taqdirda mablag‘larni qaytarib olish imkonini beradi.

Hissa va obro‘

Hissa qo‘shuvchi bo‘lish uchun odam odatda quyidagi yo‘lni bosib o‘tadi: DAO haqida umuman bexabar bo‘lishdan boshlaydi, Twitter yoki Discord kabi turli ijtimoiy platformalarda kuzatuvchi bo‘lib yuradi, boshqa a’zolar bilan aloqa o‘rnatadi va nihoyat DAOga ilk hissasini qo‘shib, muntazam ravishda qiymat yaratishga kirishadi.

Ideal holatda, bu jarayon davomida a’zolarning hamjamiyatga mansublik hissi kuchayib, ularni hamjamiyat bilan birga rivojlanishga, ko‘proq hissa qo‘shishga va umumiy maqsad sari intilishga undaydi. Bunday ideal holatga erishish uchun jarayonlarni to‘g‘ri loyihalash kerak. Buning mohiyati esa munosib vositalarni tanlash va ulardan olinadigan qiymatni imkon qadar oshirishdan iborat. Vositalardan oqilona foydalanish quyidagi kabi keng ko‘lamli muammolarni hal qilishga yordam beradi:

  • Kerakli odamlarga kerakli vaqtda munosib imkoniyatlar va ma’lumotlarni qanday taqdim etish

  • A’zolarning hissasini qanday o‘lchash, rag‘batlantirish va munosib taqdirlash

  • Rollar va obro‘ mexanizmlari orqali ishonchni qanday mustahkamlash

Gitcoin

Gitcoin — turli dasturlash tillarida ochiq kodli dasturiy ta’minot ustida ishlab, haq olish mumkin bo‘lgan platforma. U asosan off-chain vazifalar va foydalanuvchilarning o‘zlari haqida xabar bergan vazifalarni kuzatish hamda tekshirish bilan shug‘ullanadi.

Foydalanuvchilar, shuningdek, hissa qo‘shuvchi donorlar orqali jamoaviy moliyalashtirish uchun Gitcoin platformasiga o‘z loyiha g‘oyalarini yuborishi mumkin. Hamjamiyatning bevosita kraudfandingidan tashqari, Gitcoin loyihalar rivojini tezlashtirish uchun hamjamiyat mablag‘larini qo‘shib berishga yordam beruvchi kvadratik moliyalashtirish deb ataladigan o‘ziga xos tizimdan foydalanadi. Umuman olganda, Gitcoin mazmunli, ochiq kodli loyihalarni rivojlantirish va donorlar hamda dasturchilar manfaatlarini yaxshiroq uyg‘unlashtirishga xizmat qiluvchi platformadir.

Gitcoin butun dunyodagi hissa qo‘shuvchilarni rag‘batlantirish uchun o‘zining GTC tokenidan foydalanadi. Gitcoinga qo‘shiladigan hissa turli shakllarda bo‘lishi mumkin: kodga o‘zgartirish kiritish, hujjatlar yozish, foydalanuvchilar savollariga javob berish va infratuzilmaning ishlashiga yordam beradigan boshqa ishlar. Bularning barchasi hissa sifatida qayd etilishi mumkin.

RabbitHole

RabbitHole — loyiha g‘aznachiliklari uchun ishtirokni rag‘batlantirish va kelajakdagi hissa qo‘shuvchilarni jalb qilish maqsadida tokenlarni taqsimlash vositasi. Bu loyihalar va protokollar uchun kriptoga xos, pulli jalb qilish kanallarining birinchisidir. O‘yinlashtirilgan yondashuvlar orqali RabbitHole turli markazlashmagan tarmoqlarga kerakli foydalanuvchilarni jalb qilishga yordam beradi. Foydalanuvchilar esa token mukofotlari evaziga yangi DApp’lar, protokollar yoki kripto platformalarini kashf etib, ulardan foydalanishi mumkin.

Tokenlarni taqsimlash orqali RabbitHole loyihalarga bilimli va faol haqiqiy foydalanuvchilar hamda ishtirokchilarni jalb qilishga yordam beradi. Shuningdek, u NFT va DeFi kabi mavzularda kripto darsliklarini, foydalanuvchilarga muayyan mavzulardagi bilimlarini namoyish etish imkonini beruvchi ishtirokni tasdiqlash protokollari bilan birga taqdim etadi.

Kompensatsiya

DAO uchun yozadigan, moderatsiya qiladigan va ishlaydigan a’zolarni munosib kompensatsiya qilish mexanizmini yaratish nihoyatda muhim. DAOga qiymat qo‘shadigan insonlarni e’tirof etish va kompensatsiya qilish uzoq muddatli muvaffaqiyat uchun zarur.

Har bir hissa qo‘shuvchi o‘z mehnati uchun adolatli kompensatsiya olishi, DAO a’zolari tomonidan hurmat va qadr-qimmat bilan muomala qilinishiga loyiq. Bundan tashqari, DAO o‘z hissa qo‘shuvchilariga undagi qoidalar, siyosat va tartib-taomillar aniq, adolatli va shaffof tarzda yetkazilishiga ishonch hosil qilishi kerak.

DAO ishtirokchilari tanlov borasida korporatsiyalardagi hamkasblariga qaraganda ancha keng imkoniyatlarga ega. Buning sababi — DAOlar hamjamiyatlar singari o‘zgaruvchan tashkiliy chegaralarga ega. Shu bois DAOlar uchun oqilona kompensatsiya tizimi orqali hissa qo‘shuvchilarni jalb qilish va ularni saqlab qolish juda muhim.

Coordinape

Coordinape — Web3 uchun yaratilgan platforma bo‘lib, DAOlarga tengdoshlar o‘rtasidagi adolatli taqsimot orqali hissa qo‘shuvchilarga kompensatsiyani oson taqsimlash imkonini beradi. Hamjamiyat grantlari, ichki maoshlar va maxsus loyihalarni hamjamiyatning o‘zi rag‘batlantirishi va mukofotlashi mumkin. Murakkab ovoz berish yoki shaffof bo‘lmagan qo‘mitalar o‘rniga, hissa qo‘shuvchilarning o‘zi yaratgan qiymati uchun tez va shaffof tarzda mukofot olishi mumkin.

Coordinape qaror qabul qilish vakolatini ko‘proq hamjamiyatga beradi. Oddiy g‘oya shundan iboratki, hamjamiyatdagi barchadan kim yaxshi ish qilayotganini so‘rasangiz, ularning umumiy javoblari qiymat qayerda ekanini va kim ko‘proq taqdirlanishi kerakligini yaxshiroq ko‘rsatadi. Vaqt o‘tishi bilan bu DAOga qaysi turdagi ishlar ustuvor ekani, hamjamiyat nimalarni eng qadrli deb bilishi va turli sohalardagi asosiy hissa qo‘shuvchilar kim ekaniga doir foydali ma’lumotlarni ham beradi. Umumiy vizual ko‘rinish ham hamjamiyat a’zolariga kim nima ustida ishlayotganini ko‘rish, hamkorlik imkoniyatlarini topish yoki bir xil ishni takrorlashni kamaytirish imkonini beradi.

Coordinape’ning hozirgi versiyasi off-chain ishlaydi, ammo loyiha EVM bilan mos keluvchi L2 yoki yon zanjirdan foydalanib, on-chain versiyasini ishlab chiqishda davom etadi.

Utopia

Friends with Benefits, PleasrDAO va Yield Guild kabi taniqli DAOlar ishonch bildirgan Utopia — hamkorlikdagi ish haqi va xarajatlarni boshqarish vositasi. U DAOlar uchun to‘lovlar, buxgalteriya hisobi va hisobotlarni boshqarishga yordam beradi. Foydalanuvchilar fiat yoki kripto orqali ish haqi to‘lovlarini avtomatlashtirishi, DAO xarajatlarini kuzatishi va ishni tartibga solish uchun hissa qo‘shuvchilarga rollar tayinlashi mumkin. Utopianing ajoyib jihatlaridan biri — barcha hisob-fakturalar va muntazam ish haqi to‘lovlarini bitta multisig tranzaksiyasida, gaz uchun haq to‘lamasdan, bir yo‘la amalga oshira olishidir.

Utopia joriy etilishidan oldin DAOlarning aksariyati tokenlarni taqsimlash va to‘lovlarni ma’lumotlarning xom ko‘chirmalari asosida amalga oshirardi. Utopia DAOlar bu so‘rovlarni qabul qilishi, to‘lovlarni amalga oshirishi va boshqarishi uchun hisob-fakturalar hamda xarajatlarni qoplash jarayonlarini yaratdi. Bundan tashqari, Utopianing yaxlit tranzaksiyalari DAOlarga bir nechta odam va turli tokenlar bo‘yicha to‘lovlarni bir yo‘la amalga oshirish imkonini beradi.

Xulosa

Oxir-oqibat, DAO hamjamiyatining xatti-harakati uning muvaffaqiyatini belgilaydi. Eng muhimi, hamjamiyat qilayotgan ishiga befarq bo‘lmasligi kerak — bugungi eng yaxshi vositalar va infratuzilma ijtimoiy hamjihatlikni rivojlantirish hamda uzoq muddatli muvofiqlashtirishni ustuvor qilish uchun yaratilgan.

Yuqorida tilga olingan DAO infratuzilmasi vositalari — a’zolari va vazifalari kengayib borayotgan jadal o‘suvchi hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash hamda barqaror rivojlantirishga intilayotgan mahsulot va xizmatlar olamining kichik bir namunasidir. DAO infratuzilmasi va vositalarining navbatdagi avlodi uchun ayni vaqt — ular DAOlarni boshqarish va yuritish usullarini, shubhasiz, o‘zgartiradi.

Ogohlantirish: Ushbu tadqiqot faqat ma’lumot berish maqsadida tayyorlangan. U investitsiyaviy maslahat yoki biror investitsiyani sotib olish yoxud sotish bo‘yicha tavsiya hisoblanmaydi va investitsiya qarorining maqsadga muvofiqligini baholashda ishlatilmasligi kerak.

🐦 @chestersigned

📅 2022-yil 1-iyul

Havolalar:

https://medium.com/1kxnetwork/organization-legos-the-state-of-dao-tooling-866b6879e93e

https://identityreview.com/the-ultimate-guide-to-dao-tooling/

https://www.alchemy.com/overviews/the-definitive-guide-to-starting-a-dao#dao-13

https://mirror.xyz/twhittle.eth/GwRXJ1_D9bK4P_LKfz3U-HvnvZpcx4ttkP6AvVvxh9s