Uniswap University Binance, Bitget va Bybit kabi markazlashgan birjalar tomonidan yaratilgan ta’lim akademiyalariga o‘xshaydi.
21-sentabr kuni markazlashmagan birja (DEX) Uniswap blokcheyn ta’limiga ixtisoslashgan DoDAO bilan hamkorlikda ta’lim platformasini ishga tushirdi.
E’longa ko‘ra, Uniswap University kurslar, simulyatsiyalar va qisqa qo‘llanmalar orqali foydalanuvchilarni o‘zining v3 birjasiga jalb qilish uchun tizimli ta’lim yo‘lini yaratishni maqsad qilgan. Platforma orqali foydalanuvchilar “DEX nima?” mavzusidan tortib, “Strategiyani retrospektiv sinovdan o‘tkazish vositalari” kabi ilg‘or mavzulargacha o‘rganishlari mumkin. Shu bilan birga, likvidlik qo‘shish va olib tashlash, shuningdek, ilg‘or pozitsiyalarni boshqarish vositalarini o‘rganish kabi simulyatsiyalar foydalanuvchilarga tezkor va amaliy tajriba orttirish imkonini beradi.
Uniswap ilg‘or kurslaridan birida foydalanuvchilarga v3’da likvidlik provayderi bo‘lish asoslarini o‘rgatadi. Unda shunday yozilgan:
“Ushbu bobda likvidlik provayderi sifatida ko‘rib chiqishingiz mumkin bo‘lgan bir nechta strategiyani ko‘rib chiqamiz. Bular qatoriga stabilkoinlarni saqlash (HODL), ikki xil tokenning har biridan 50 foizdan saqlash, bitta tokenning 100 foiziga egalik qilish, keng diapazonda likvidlik ta’minlash, tor diapazonda likvidlik ta’minlash hamda o‘zgaruvchan tokenlar havzalarida likvidlik ta’minlash kiradi. Har bir strategiyaning o‘ziga xos afzalliklari va kamchiliklari bor.”
Joriy yilning boshida Uniswap’ning Business Source License litsenziyasining amal qilish muddati tugadi. Bu dasturchilarga Uniswap v3 protokolini tarmoqlantirib, o‘z DEX’larini ishga tushirish imkonini berdi. 2021-yil may oyida ishga tushganidan ko‘p o‘tmay, Uniswap v3 komissiyalardan tushadigan daromad bo‘yicha Bitcoin’dan o‘zib ketdi. Faqat Uniswap v3’ning Ethereum asosiy tarmog‘ida 451 million dollardan ortiq qiymatdagi tangalar va tokenlar savdo qilindi.
v3 protokoli likvidlik havzalari, steyking va markazlashmagan moliya (DeFi) kreditlashidan iborat bo‘lib, undagi bloklangan umumiy qiymat (TVL) jami 3,2 milliard dollarni tashkil etadi. DefiLlama ma’lumotlariga ko‘ra, Uniswap’ning v1, v2 va v3 protokollaridan tushadigan daromad yiliga 327 million dollarni tashkil qiladi. 2021-yilda buqa bozori avjiga chiqqan paytda DEX’ning TVL ko‘rsatkichi 10 milliard dollarga yetgan.