MIT tadqiqotchisi va o‘z podkastining boshlovchisi Lex Fridman Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasi mukofot sohiblarini e’lon qilganidan so‘ng, Satoshi Nakamoto iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotini olishi kerakligini ta’kidladi. Ular orasida 2006-yildan 2014-yilgacha AQSh Federal zaxira tizimi raisi bo‘lgan Ben Bernanke ham bor.

Kripto-Twitter’da mukofot komissiyasining bu e’loniga bildirilgan munosabat shunday bo‘ldi: mukofot 2008-yilda o‘zlari keltirib chiqargan inqirozdan banklarni qutqarish uchun pul bosib chiqargan kishiga berilmoqda, aslida esa Bitcoin kabi vositani yaratib, insoniyatga qo‘shgan hissasi uchun mukofot, albatta, Satoshi Nakamakotiga berilishi kerak.

Bu muhokamaga Nakamoto mukofotni olmasligi kerak, deb hisoblaydigan foydalanuvchilar ham qo‘shildi. Ularning fikricha, Nobel mukofotlari «amaldagi moliyaviy tizimni abadiylashtirish uchun foydalaniladigan ishonchga asoslangan tuzilma» bo‘lgani sababli, bu uni e’zozlashning to‘g‘ri yo‘li emas.

Satoshini insoniyatga qo‘shgan hissasi uchun nafaqat iqtisodiyot fanlari bo‘yicha Nobel mukofotiga, balki Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga ham nomzod qilib ko‘rsatgan foydalanuvchilar ham paydo bo‘ldi.

Shubhasiz, Satoshi Nakamotoning ixtirosi — Bitcoin — mutlaqo inqilobiy texnologiyaga asoslangan vosita bo‘lib, u bizga pulimizga raqamli shaklda, vositachilarsiz va senzura qilinish xavfisiz egalik qilish imkonini beradi. Bu, shuningdek, biror davlat yoki iqtisodiy siyosatga bog‘liq bo‘lmagan pul bo‘lib, shu jihati bilan pulimizni faqat naqd shaklda boshqarish va unga egalik qilishdan farq qiladi.

Bu inqilob qarshisida iqtisodiy elita undan foydalanishni rag‘batlantirishga va, bundan ham ko‘proq, uning yaratuvchisini taqdirlashga qarshilik ko‘rsatishi kutiladigan hol. Har holda, oddiy iste’molchilar bu texnologiyani hayotiga asta-sekin tobora ko‘proq joriy qilayotganini ko‘ryapmiz. Bu esa yirik kompaniyalarni, masalan, Google’ni o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur qilmoqda. Google tez orada ayrim to‘lovlarni kriptovalyutada qabul qila boshlaydi.

Sizningcha, Satoshining haqiqiy shaxsi noma’lum bo‘lsa ham, u Nobel mukofotiga nomzod bo‘lishi kerakmi? Yoki Nobel mukofotini olish uni e’zozlashning to‘g‘ri yo‘li emasmi?