Braziliyalik futbol yulduzi Ronaldinyo Braziliyada kriptofiribgarlikda ishtirok etgani haqidagi da’vo bo‘yicha o‘tkazilgan tinglovda ko‘rsatma bermadi.

Mashhur futbolchi piramida sxemasi yuzasidan Braziliya rasmiylari tomonidan hibsga olinishi va ko‘rsatma berishga majburlanishi mumkin.

Mahalliy O Globo gazetasining xabar berishicha, Ronaldinyo noqulay ob-havo sharoiti sabab 24-avgust kuni ko‘rsatma berish uchun chaqiruv qog‘oziga bo‘ysunmagan.

Kongress a’zosi Aureo Ribeiro Ronaldinyo 31-avgust kuni Kongress oldida ko‘rsatma berish uchun yana bir imkoniyatga ega bo‘lishini tushuntirdi. Biroq u yana kelmasa, politsiya uni hibsga olishiga to‘g‘ri keladi.

Sud ma’lumotlariga ko‘ra, Ronaldinyo, uning akasi Assis va biznes hamkori Marselo Lara 18kRonaldinho nomli kompaniyaga egalik qilgan. Bu kompaniya moliyaviy piramida ko‘rinishidagi kriptofiribgarlikda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin.

18kRonaldinho mijozlarga har kuni qariyb 2% daromad va’da qilib kelgan. Kompaniyaga qarshi firibgarlik bo‘yicha da’vo qo‘zg‘atilgan va 61 million dollardan ortiq tovon puli talab qilingan. Prokurorlarning fikricha, futbol yulduzi Braziliyadagi investorlarni aldash uchun o‘zining mashhurligi va shuhratidan foydalangan bo‘lishi mumkin.

Batafsil ma’lumot uchun kuzatib boring